Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Nega to‘yib uxlash foydali?

Nega to‘yib uxlash foydali?

 Matematikani yaxshi tushunmayotgan bo‘lsangiz, undan ham ko‘proq o‘rganishim kerak deb o‘ylarsiz. Jismoniy mashqlar masalasida ham ishlar yurishmayotgan bo‘lsa, ko‘proq shug‘ullanishim lozim degan fikrga borayotgandirsiz. Lekin bu borada muvaffaqiyatli bo‘lishni istasangiz shunchaki to‘yib uxlashning o‘zi yetarli bo‘lar. Keling, ba’zi fikrlarga e’tibor qaratamiz.

 Nega uxlashingiz kerak?

 Mutaxassislarning aytishicha, o‘smirlar kuniga 8–10 soat uxlashi kerak. Nega yetarlicha uxlash muhim?

  •   Miyangiz faoliyati yaxshilanadi. Uyqu «miya uchun ozuqa» deyishadi. U sizga o‘qish va sportda ko‘maklashadi. U tufayli muammolarni hal qilish qobiliyatingizni ham yaxshilay olasiz.

  •   Kayfiyatingiz-u munosabatingiz yaxshilanadi. Uyquga to‘ymaslik kayfiyatning tez-tez o‘zgarishiga, tushkunlik va g‘amginlikka yetaklab, boshqalar bilan munosabatlar buzilishiga olib keladi.

  •   Mashinani hushyorroq bo‘lib haydaysiz. Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, yoshi 40 dan 59 gacha bo‘lgan haydovchilarga qaraganda 16 dan 24 yoshgacha bo‘lgan haydovchilar mudrab qolgani tufayli taxminan ikki martaga ko‘proq fojialarga duch kelishgan.

  •   Sog‘lik yaxshilanadi. Uyqu tufayli tanangizdagi turli hujayra, to‘qimalar-u qon tomirlari to‘g‘ri faoliyat yuritib, tiklanadi. To‘yib uxlasangiz, semirish, qandli diabet kasalligi va yurak xurujining oldini olishingiz mumkin.

Telefoningiz ishlashi uchun elektr quvvatiga to‘lishi kerak bo‘lganiday, siz ham yetarlicha uxlashingiz lozim

 Vaqtida uxlashga nima xalaqit qilyapti?

 Sanab o‘tilgan foydali tomonlarga qaramay, ko‘p o‘smirlar yetarlicha uxlamaydi. Masalan, 16 yoshli Eleyn shunday dedi:

 «Maktabda o‘qituvchimiz soat nechada yotishimizni so‘radi. Sinfdoshlarimning aksariyati tunda soat ikkida, ba’zilari soat beshlarda dedi. Faqat bitta sinfdoshim to‘qqiz yarimda yotishini aytdi».

 Yetarlicha uxlashga sizga nima to‘sqinlik qilyapti?

 Do‘stlar bilan muloqot. «Ayniqsa do‘stlar bilan bo‘lganda, yarim tungacha o‘tirib, qancha vaqt o‘tganini ham bilmay qolasiz». (Pamela)

 Vazifalar. «Uxlashni yaxshi ko‘raman, ammo rejalarim ko‘p bo‘lgani uchun yetarlicha uxlay olmayman». (Anna)

 Elektron qurilmalar. «Telefonim dastidan uyquga to‘ymayapman. Hatto yotganimda ham usiz tura olmayman». (Anisa)

 Uyquga to‘yish uchun nima qilsangiz bo‘ladi?

  •   Uyquga nisbatan nuqtai nazaringizni tekshiring. Voiz 4:6 da shunday deyilgan: «Bir hovuch orom, ikki hovuch zahmat va shamol ortidan quvishdan yaxshiroqdir». Uyqu keraksiz narsa emas, zaruratdir. Uxlamaslik ishingizning sifatiga ta’sir qiladi, hatto dam olishingiz ham xursandchilik keltirmaydi.

  •   To‘yib uxlashga nima xalaqit qilayotganini aniqlang. Masalan, do‘stlar bilan kechgacha o‘tirib qolmayapsizmi? Uy vazifalari hamda yumushlaringiz haddan tashqari ko‘p bo‘lganidan uyquga to‘ymayapsizmi? Telefon tufayli kech yotyapsizmi yoki uni deb tunda uyg‘onyapsizmi?

 O‘ylab ko‘ring: xalaqit qilayotgan to‘siqni yengish uchun harakat talab qilinadi, lekin natijasi bunga arziydi. Hikmatlar 21:5 da: «Tirishqoqning rejalari muvaffaqiyat keltiradi»,— deyilgan.

 Albatta, bir kishiga yordam bergan narsa, boshqasiga yordam bermasligi mumkin. Misol uchun, kimdir kunduzi mizg‘ib olsa, tuni bilan yaxshi uxlaydi. Ammo boshqasiga bu umuman to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Aynan siz uchun nima yaxshiroq ekanini aniqlang. Quyidagi maslahatlar sizga qo‘l kelishi mumkin:

  •   Uxlashga tayyorlaning. Yotishdan avval uyquga tayyorlanishni boshlasangiz, tezroq uxlab qolasiz.

     «Hamma ishlarimni ertaroq tugatib qo‘ysam, uxlashdan oldin ular borasida xavotirlanmayman». (Mariya)

  •   O‘zingizni nazorat qiling. Sizni vaziyat emas, siz uni nazorat qilsangiz yetarlicha uxlay olasiz.

     «Men kechasi kamida sakkiz soat uxlashim kerak. Odatdagidan ertaroq turishimga to‘g‘ri kelsa, ertaroq uxlashga harakat qilaman». (Vinsent)

  •   Muntazam bo‘ling. Tanangizning biologik soati to‘g‘ri ishlashi uchun uni to‘g‘ri o‘rgatishingiz kerak. Mutaxassislarning aytishicha, har kuni o‘sha-o‘sha vaqtda uxlab, uyg‘onish kerak. Bu maslahatga bir oy davomida amal qilib ko‘ring, shunda o‘zingizni yaxshiroq his qila boshlaganingizni sezasiz.

     «Agar har kuni bir vaqtda yotsangiz, ertasi kuni o‘zingizni tetikkina his etasiz. Hamma ishingizni xamirdan qil sug‘urganday hal qilasiz». (Jared)

  •   Muloqot masalasida muvozanatli bo‘ling. Muqaddas Kitobga ko‘ra, «har narsada me’yorini biladigan» bo‘lishimiz darkor. Bu bo‘sh vaqtimizga ham tegishli. (1 Timo‘tiyga 3:2, 11)

     «Oqshomlari do‘stlarim bilan muloqot qiladigan vaqtni chegaralab qo‘ydim. Agar vaqtni chegaralamasa, nimanidir qurbon qilishga to‘g‘ri keladi, odatda bu uyqu». (Rebekka)

  •   Telefoningiz ham «uxlasin»! Uxlashdan kamida bir soat oldin, Internetga kirish yoki do‘stlaringizga sms yuborish vasvasasiga qarshi turing. Ba’zi mutaxassislarning ogohlantirishicha, telefon, televizor yoki planshetning yorug‘ligi uxlashga xalaqit beradi.

     «Odamlar siz hafta mobaynida 24 soat aloqada bo‘lishingizni istaydi. Biroq uyquga to‘yish uchun, telefonni chetga surib qo‘yish kerak». (Yulissa)