Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Okkultizm shunchaki bezarar vaqtichog‘likmi?

Okkultizm shunchaki bezarar vaqtichog‘likmi?

 Nima deb o‘ylaysiz?

  •   Munajjimlar bashorati, fol ochish yoki ilohiy kuchlarga murojaat qilish zararlimi?

  •   Okkultizm bilan bog‘liq hikoyalar shunchaki yaxshi va yomonni ochib beradigan ertaklarmi yoki ularda qandaydir xavf bormi?

 Ushbu maqolada nima uchun sehr-jodu qiziqarli ko‘rinishi mumkinligi va nega undan ehtiyot bo‘lishingiz zarurligi yoritiladi.

 Nimasi qiziqarli?

 O‘yin-kulgi industriyasi okkultizm bilan bog‘liq mavzularga katta e’tibor qaratib, uni film, ko‘rsatuv, videoo‘yin va kitoblarning asosiy qismi qilib ko‘rsatmoqda. Bu tufayli ko‘pgina yoshlar astrologiya, jin, vampir va jodugarlar bilan qiziqib qolmoqda. Nega? Buning sababi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  •   qiziquvchanlik. Ruhiy mavjudotlar, jin-ajinalar chindan ham bormikin, deb qiziqish;

  •   xavotirlanish. Kelajakni bilishga intilish;

  •   bog‘lanish. Hayotdan ko‘z yumgan yaqinlari bilan gaplashishga harakat qilish.

 Bular o‘z-o‘zidan yomon bo‘lmasligi mumkin. Masalan, hayotdan ko‘z yumgan yaqinimizning kelajagi bilan qiziqishimiz yoki uni sog‘inishimiz tabiiy. Ammo siz ogoh bo‘lishingiz kerak bo‘lgan ba’zi xavf-xatar bor.

 Nega ehtiyot bo‘lish kerak?

 Muqaddas Kitobda sehr-jodu bilan bog‘liq har qanday narsadan qochish borasida jiddiy ogohlantiruv bor. Masalan, u yerda shunday deyilgan:

 «Orangizda... folbin, sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchi, belgilarga qarab fol ochuvchi, sehrgar, issiq-sovuq qiluvchi, arvoh chaqiruvchi bilan maslahatlashadigan, folbin yoki o‘liklarga murojaat qiluvchi bo‘lmasin. Chunki bunday narsalar bilan shug‘ullanadigan har qanday kishi Yahova uchun jirkanchdir». (Qonunlar 18:10–12)

 Nima sababdan Muqaddas Kitobda bunday jiddiy ogohlantiruv bor?

  •   Sehr-jodu bilan bog‘liq ishlarga aralashsak, jinlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lamiz. Muqaddas Kitobga ko‘ra, ba’zi farishtalar Xudoga qarshi chiqib, Uning dushmanlariga aylangan. (Ibtido 6:2; Yahudo 6) Bu yovuz farishtalar jinlar deb ataladi va ular arvoh chaqiruvchi, kelajakni bashorat qiluvchi, folbinlik va munajjimlik bilan shug‘ullanuvchilar orqali odamlarni yo‘ldan adashtirmoqda. Bunday ishlar bilan shug‘ullanib, Xudoning dushmaniga aylanamiz.

  •   Sehr-jodu muayyan odamlar kelajakni oldindan ayta oladi degan yolg‘on g‘oyani olg‘a suradi. Ammo faqatgina Xudo «oxirida nima bo‘lishini boshidan, hali yuz bermagan narsalarni oldindan ayta» oladi. (Ishayo 46:10; Yoqub 4:13, 14)

  •   Sehr-jodu o‘lganlar tiriklar bilan muloqot qila oladi degan yolg‘on g‘oyani olg‘a suradi. Lekin Xudoning Kalomida quyidagicha yozilgan: «O‘lganlar esa hech narsani bilmaydi. [...] Qabrda na ish, na reja, na bilim, na donolik bor». (Voiz 9:5, 10)

 Shu bois, Yahovaning Shohidlari sehr-jodu bilan bog‘liq odatlardan qochadi. Shuningdek, ular zombi, vampir va g‘ayritabiiy o‘yin-kulgi turlaridan yiroqlashadi. Yoshi 21 da bo‘lgan Mariya shunday dedi: «Agar u sehr-jodu bilan bog‘liq bo‘lsa, men uni tomosha qilmasligim kerak» a.

Jinoyatchi o‘zini boshqa kishi sifatida ko‘rsatib, sizni aldashga uringaniday, jinlar ham o‘zlarini hayotdan ko‘z yumgan yaqinlaringizday ko‘rsatadi

 Nima qila olasiz?

  •   Okkultizm bilan bog‘liq har qanday odat yoki o‘yin-kulgidan qochib, Yahovaning oldida vijdoningizni toza saqlashga intilish qaroringiz qat’iy bo‘lsin. (Havoriylar 24:16)

  •   Okkultizm bilan bog‘liq har qanday narsangizdan qutuling. Havoriylar 19:19, 20 ni o‘qib, birinchi asrdagi masihiylar bu borada qanday o‘rnak qoldirganiga e’tibor bering.

 Unutmangki, okkultizm bilan bog‘liq odat va o‘yin-kulgi turlaridan qochib, Yahovaning tarafini egallagan bo‘lasiz. Bu esa, Uning qalbini quvontiradi! (Hikmatlar 27:11)

a Bu o‘ylab topilgan hikoyalarning barchasi ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri sehr-jodu bilan bog‘liq degani emas. Ammo masihiylar Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoni yordamida sehr-jodu bilan bog‘liq har qanday odat yoki o‘yin-kulgi turidan yiroqlashadi. (2 Korinfliklarga 6:17; Ibroniylarga 5:14)