Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Nega mening do‘stlarim yo‘q?

Nega mening do‘stlarim yo‘q?

Siz ijtimoiy tarmoqda o‘tiribsiz va yaqinda bo‘lgan o‘tirishda olingan rasmlarni tomosha qilyapsiz. Barcha do‘stlaringiz o‘sha yerda bo‘lgan va vaqtni zo‘r o‘tkazishgan. Lekin rasmda nimadir yetishmayapti. Aniqrog‘i kimdir, ya’ni siz yetishmayapsiz!

«Nega meni chaqirishmadi?» — deb hayronsiz.

Qiziqishingiz alamga aylanadi. O‘zingizni xiyonatga uchraganday his etasiz. Barcha do‘stlaringiz bilan bo‘lgan munosabatingiz qumdan qurilgan qasrdek buzilib ketganday bo‘ladi. Yolg‘izlik sizni qamrab oladi va o‘zingizdan: «Nega mening do‘stlarim yo‘q?» — deb so‘raysiz.

 Yolg‘izlikka oid test

 To‘g‘ri yo noto‘g‘ri

  1.   Do‘stlaringiz ko‘p bo‘lsa aslo yolg‘izlikni his qilmaysiz.

  2.   Ijtimoiy tarmoqlardan foydalansangiz aslo yolg‘izlikni his qilmaysiz.

  3.   Ko‘plab SMS xabarlar yuborsangiz aslo yolg‘izlikni his qilmaysiz.

  4.   Boshqalar uchun nimadir qilsangiz aslo yolg‘izlikni his qilmaysiz.

 Bularning to‘rtalasi ham noto‘g‘ri.

 Nega?

 Do‘stlik va yolg‘izlik haqida faktlar

  •   Do‘stlaringiz ko‘pligi yolg‘izlikni aslo his qilmasligingizga kafolat emas.

     «Men doim do‘stlarim uchun qayg‘uraman, lekin ba’zan ular men uchun qayg‘urmaydiganday tuyuladi. Atrofingiz to‘la do‘stlaringiz bo‘lsa-yu, ular sizni yaxshi ko‘rmaydiganday yoki sizga befarqday tuyulsa, o‘zingizni nihoyatda yolg‘iz sezasiz». (Anna)

  •   Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish yolg‘izlikni aslo his qilmasligingizga kafolat emas.

     «Ayrimlar uchun do‘st orttirish — haykalchalarni kolleksiya qilishday gap. Ammo hech kim haykalchalarga to‘la xonada o‘zini sevimli his qilmaydi. Agar kim bilandir chinakam munosabatlaringiz bo‘lmasa, onlayn do‘stlarning jonsiz haykalchalardan hecham farqi yo‘q». (Elayn)

  •   Ko‘plab SMS xabarlar yuborish yolg‘izlikni aslo his qilmasligingizga kafolat emas.

     «O‘zingizni yolg‘iz his qilgan paytlarda, birorta do‘stim SMS yubormadimikin, deb telefoningizga qarayverasiz. Shundoq ham o‘zingizni yolg‘iz sezayotgan bo‘lasiz va hech kim siz bilan bog‘lanishga harakat qilmayotganini anglab, o‘zingizni yanayam battar his etasiz!» (Serena)

  •   Boshqalar uchun nimadir qilish yolg‘izlikni aslo his qilmasligingizga kafolat emas.

     «Men doim do‘stlarimga nisbatan saxiy bo‘lishga intilaman, biroq ular menga nisbatan bunday qilmasligini payqadim. Ularga saxiylikni namoyon etganimdan afsuslanmayman, lekin ular yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarmasligi biroz g‘alati tuyuladi». (Richard)

 Xulosa. Yolg‘izlik eng avvalo insonning fikrlash tarzi bilan bog‘liq. «Yolg‘izlik tashqaridan kelmaydi, odamning ichidan chiqadi»,— deydi Janett ismli bir qiz.

 O‘zingizni do‘stlaringiz yo‘qday va yolg‘iz his etsangiz nima qilsangiz bo‘ladi?

 Kurashda qanday yengib chiqa olasiz?

O‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshiring.

 «Yolg‘izlik o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlikdan kelib chiqishi mumkin. O‘zingizni boshqalarning e’tiboriga noloyiq, deb hisoblasangiz, do‘st orttirish qiyin bo‘ladi». (Janett)

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yaqiningizni o‘zingizni sevgandek seving». (Galatiyaliklarga 5:14) Sog‘lom do‘stona munosabatlardan bahra olish uchun o‘zimizni muayyan darajada hurmat qilishimiz, biroq manmanlikka berilib ketmasligimiz lozim. (Galatiyaliklarga 6:3, 4)

O‘zingizga achinishdan qoching.

 «Yolg‘izlik botqoqqa o‘xshaydi. Unga botganingiz sayin chiqish qiyin bo‘ladi. U ongingizni qamrab olishiga yo‘l qo‘ysangiz, tez orada o‘zingizni o‘zingiz yeb bitirasiz». (Erin)

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Sevgi... o‘z manfaatini ko‘zlamaydi». (1 Korinfliklarga 13:4, 5) Chindan ham butun diqqatimizni o‘zimizga qaratsak, boshqalarga hamdardlik ko‘rsata olmaymiz va do‘st topishimiz qiyinroq bo‘ladi. (2 Korinfliklarga 12:15) Haqiqatga tik boqaylik: o‘z muvaffaqiyatingizni boshqalarning harakatlari bilan o‘lchasangiz, mag‘lubiyatga uchrashingiz aniq! Ha, «Menga hech kim qo‘ng‘iroq qilmaydi» va «Hech kim meni hech qayerga taklif qilmaydi» kabi gaplarni aytish bilan o‘z baxtingizni boshqalarning qo‘liga topshirgan bo‘lasiz. Baxtingizni ularga bog‘lab qo‘yishingiz to‘g‘ri bo‘larmikin?

Duch kelgan odam bilan do‘stlashib ketavermang.

 «O‘zini yolg‘iz his qilayotgan odamlar e’tibor xohlaydi va bu istak kuchaygani sari e’tiborni kim ko‘rsatishi ular uchun ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Ular o‘zlarini kerakli his qilishni istaydi. Ammo ba’zi odamlar avvaliga o‘zingizni kerakliday his etishingizga yordam berib, keyin sizdan foydalanadi. Bu tufayli o‘zingizni yanada yolg‘iz his qilasiz». (Brianna)

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi, nodonga sherik bo‘lgan esa aziyat chekadi». (Hikmatlar 13:20) Qorni qattiq ochib ketgan odam duch kelgan narsani yeb qo‘yishi mumkin. Shu singari do‘stlari bo‘lishini qattiq istayotganlar ham yomon joylarda do‘st izlashi mumkin. Ular birovlarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib, bu tabiiy hol va ortig‘ini kutmaslik kerak, deb o‘ylashi hech gap emas.

 Xotima. Ba’zan hamma ham o‘zini yolg‘iz his qiladi; ayrimlarda bu tuyg‘u kuchliroq bo‘ladi. To‘g‘ri yolg‘izlik hissi odamning tinkasini quritishi mumkin, ammo qanday bo‘lmasin bu shunchaki tuyg‘u. Tuyg‘ular fikrlarimiz asosida paydo bo‘ladi, fikrlarimizni esa nazorat qila olamiz.

 Shuningdek, boshqalardan nimanidir kutish borasida realist bo‘ling. Yuqorida so‘zlari keltirilgan Janett shunday deydi: «Har kim ham bir umrga eng yaqin do‘stingiz bo‘lib qolavermaydi, biroq sizga g‘amxo‘rlik qiladigan odamni topishingiz mumkin. Bunday g‘amxo‘rlik o‘zingizni yolg‘iz his qilmaslik uchun yetarli».

 Ko‘proq ma’lumot olish uchun « Do‘stlik borasidagi qo‘rquvlarni yengish» nomli ramkani o‘qing. Shuningdek, «Yolg‘izlikni yengish» degan o‘quv daftarini PDF formatda yuklab oling.