Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Ko‘proq do‘st orttirishim kerakmi?

Ko‘proq do‘st orttirishim kerakmi?

 «Bir nechta do‘stim bilan bo‘lganda, o‘zimni suv ichidagi baliqday his etaman, boshqalar bilan bo‘lganda esa, juda qiynalaman». (Alan)

 «Bir nechtagina do‘stim bor va bu menga yoqadi. Tezda kirishib ketadigan emasman, tanimagan odamlar bilan gaplashish men uchun oson emas». (Sara)

 Siz ham o‘zingizni Alan va Sara kabi his etyapsizmi? Atigi bir nechta do‘stingiz bo‘lib, boshqalar bilan do‘stlashishga qiynalasizmi?

 Agar shunday bo‘lsa, bu yerdagi fikrlar siz uchun!

 Guruhlarga ajralishning muammolari

 Bir nechta do‘stingiz bilangina vaqt o‘tkazishning yomon joyi yo‘q. Yaqin do‘stlaringiz bo‘lsa, o‘zingizni kerakli deb his etasiz va ular kamchiliklaringizga qaramay, sizni borligingizcha qabul qilishadi.

 «Agar boshqalar sizni yoqtirsa, sizni do‘stlari qatorida ko‘rsa, o‘zingizni yaxshi his etasiz. Yoshlar uchun bu muhim ahamiyatga ega». (Karen, 19 yosh)

 Bilasizmi? Isoning ko‘pgina do‘stlari orasida 12ta havoriysi bo‘lgan. Lekin Iso ularning uchtasi, ya’ni Butrus, Yoqub va Yuhanno bilan yaqin do‘st bo‘lgan. (Mark 9:2; Luqo 8:51)

 Biroq nuqul bir guruh do‘stlar bilan muloqot qilish va boshqalardan o‘zini olib qochish muammolar keltirib chiqarishi hech gap emas. Masalan:

  •   Yaxshi do‘st bo‘la oladigan insonlar uchun xuddi eshikni yopib qo‘yganday bo‘lasiz.

     «Faqat sizning qiziqishingizga o‘xshash odamlar bilan do‘stlashsangiz, ko‘p yaxshi narsalardan quruq qolasiz va ajoyib odamlar bilan tanisholmaysiz». (Evan, 21 yosh)

  •   Gerdaygan inson deb tuyulishingiz mumkin.

     «Doim bir nechtagina do‘stingiz bilan vaqt o‘tkazsangiz, o‘zgalar siz haqingizda u boshqa hech kim bilan gaplashishni istamaydi, degan xayolga borar». (Sara, 17 yosh)

  •   Bezorilarga qo‘shilib qolish hech gap emas.

     «Balki siz bezorilik qilmassiz, lekin do‘stlaringiz bezorilik qilsa, bora-bora bu siz uchun oddiy holdek, hatto kulgili bo‘lib tuyula boshlashi mumkin». (Jeyms, 17 yosh)

  •   Bu sizga qimmatga tushsa ham o‘sha guruh a’zosi bo‘lish muammoga yetaklashi mumkin.

     «Guruhdagi yomon xulqli bir kishi hammani to‘g‘ri yo‘ldan urishi hech gap emas». (Martina, 17 yosh)

 Nima qilsa bo‘ladi?

  •   Qadriyatlaringizni tekshirib ko‘ring.

     O‘zingizdan so‘rang: «Qaysi me’yorlar bo‘yicha yashashga harakat qilyapman? Do‘stlarim bu me’yorlarga muvofiq yashashimga yordam beryaptimi yoki aksinchami? Qimmatga tushgan taqdirda ham o‘sha do‘stlarim bilan qolaveramanmi?»

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Yomon odamlar bilan muloqot qilish yaxshi xulqni buzadi». (1 Korinfliklarga 15:33)

     «Qadriyatlaringizga beparvo bo‘lgan insonlar bilan do‘stlashsangiz, hech qachon qilmaydigan ishga qo‘l urib qo‘yishingiz hech emas». (Ellen, 14 yosh)

  •   Siz uchun nima muhim ahamiyatga ega ekani borasida o‘ylang.

     O‘zingizdan so‘rang: «O‘sha do‘stlarim bilan qalin munosabatlarga ega bo‘lganimdan Xudoning me’yorlariga ko‘z yumamanmi? Do‘stim noto‘g‘ri ish qilsa, men qanday yo‘l tutaman?»

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Menga aziz bo‘lgan barchaga tanbeh berib, tarbiya qilaman». (Vahiy 3:19)

     «Guruhingizdagi birontasi noto‘g‘ri ish qilib qo‘ysa, sadoqatingiz sinaladi. Bu haqida boshqalarga aytsangiz, o‘zingizni unga xiyonat qilganday his etishingiz mumkin». (Melani, 22 yosh)

  •   Do‘st ko‘paytiring.

     O‘zingizdan so‘rang: «Men yaxshi bilmagan insonlar bilan do‘stlashishning qanday foydasi bor?»

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar». (Filippiliklarga 2:4)

     «Boshqalarga qo‘shilmaydigan bolalarning oilaviy hayoti og‘ir bo‘lishi mumkin. Ular bilan yaqinroq tanishsangiz, odatda ular ham yaxshi inson ekanini payqaysiz». (Brian, 19 yosh)

 Xulosa. Bir nechta yaqin do‘stingiz bo‘lishi yomon emas. Shu bilan birga yangi do‘st orttirishning ko‘p yaxshi taraflari bor. Muqaddas Kitobda: «Suv berganga suv beriladi»,— deb yozilgan. (Hikmatlar 11:25)