Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Nega boshqa tilni o‘rganish arziydi?

Nega boshqa tilni o‘rganish arziydi?

 O‘zga tilni o‘rganish o‘zimizni tarbiyalashga va qanchalar kamtarin ekanimizni sinashga qo‘l kelishi mumkin. Xo‘sh, til o‘rganish arziydimi? Ko‘p yoshlarning fikricha, arziydi! Bu maqoladan buning sabablarini bilib olasiz.

 Nima uchun buni qilamiz?

 Aksariyat kishilar boshqa tilni maktabda ta’lim olgani tufayli o‘rganadi. Boshqalar o‘z xohishiga binoan til o‘rganadi. Masalan, quyidagicha fikrlar mavjud:

  •   Avstraliyadagi 25 yoshli Anna onasining ona tilini, ya’ni latish tilini o‘rganishga qaror qildi. U shunday dedi: «Oilamiz bilan Latviyaga borishni rejalashtirdik va u yerdagi qarindoshlarimiz bilan suhbatlasha olish uchun bunday qildim».

  •   Qo‘shma Shtatlardan bo‘lgan Jina Amerika imo-ishora tilini o‘rganib, ko‘proq xizmat qilish maqsadida Belizga ko‘chib o‘tdi. U shunday deb aytdi: «Qulog‘i eshitmaydigan kishilarning muloqot qilish doirasi uncha keng emas. Muqaddas Kitob asosida ta’lim berish maqsadida bu tilni o‘rganayotganimni aytganimda, odamlar buni juda qadrlaydi».

 Bilasizmi? Muqaddas Kitobda bashorat qilinganiday, Xudoning Shohligi haqidagi xushxabar «har bir millat, qabila, til va xalqqa» e’lon etiladi. (Vahiy 14:6) Ushbu bashorat amalga oshar ekan, Yahovaning Shohidlari orasidagi ko‘p yoshlar o‘z mamlakatida yoki boshqa hududlarda xizmatini kengaytirish uchun o‘zga tilni o‘rganmoqda.

 Qanday qiyinchiliklar paydo bo‘ladi?

 Til o‘rganish oson emas. Korrina ismli o‘smir shunday fikr bildirdi: «Til o‘rganish shunchaki yangi so‘zlarni yodlab olish emas, balki yangi madaniyat va boshqacha fikrlash tarzini ham o‘zlashtirish ekanini tushundim. Til o‘rganish uchun vaqt sarflash kerak».

 Shuningdek, kamtarin bo‘lish darkor. Ispan tilini o‘rganayotgan Jeyms quyidagicha dedi: «O‘z ustingizdan kulishga odatlanishingiz kerak bo‘ladi, chunki o‘rganayotgan tilda anchagina xatolarga yo‘l qo‘yasiz. Bu ham til o‘rganish jarayoni».

 Xulosa. Agar to‘siqlarni yenga olsangiz, ya’ni onda-sonda qilayotgan xatolaringiz ustida ishlasangiz boshqa tilni o‘rganishda ko‘proq muvaffaqiyatli bo‘lasiz.

 Maslahat. Boshqalar sizdan ko‘ra yaxshiroq o‘rganayotgan bo‘lsa, tushkunlikka tushmang. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Har kim o‘z ishini tekshirsin, shunda o‘zini boshqalar bilan solishtirmay o‘ziga qarasagina, suyunishga sabab topadi». (Galatiyaliklarga 6:4)

 Mukofoti qanday?

 Til o‘rganishning foydasi katta. Misol uchun, Oliviya ismli 18 yoshli qiz shunday dedi: «Boshqa tilni o‘rganganingizda, fikrlash tarzingiz kengayib, yangi do‘stlar orttirasiz».

 17 yashar Meri esa til o‘rganish tufayli o‘ziga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish mumkinligini tushunibdi. U: «Har qanday ishim bilan faxrlanishga qiynalaman, lekin hozir til o‘rganib, har bir yangi so‘zni yodlab olgach suyunaman. Shu yo‘sin o‘zimni yaxshi his qilaman»,— dedi.

 Yuqorida tilga olingan Jina imo-ishora tilida Muqaddas Kitob asosida ta’lim berayotganidan quvonch topayotganini aytdi. «Odamlarning tilida gapirishni boshlaganimda, ularning yuzidan nur taralishini ko‘rish eng a’lo mukofot»,— dedi u.

 Xulosa. Boshqa tilni o‘rganish yangi do‘stlar orttirish, o‘zingizga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish va xizmatingizni yanada mazmunli qilishga ko‘maklashadi. Til o‘rganish xushxabarni «har bir millatdan, qabiladan, xalqdan va tildan bo‘lgan» odamlarga aytishga katta hissa qo‘shadi. (Vahiy 7:9)