Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

50-DARS

Yahova Yohushafatni himoya qiladi

Yahova Yohushafatni himoya qiladi

Yahudo shohi Yohushafat yurtdagi Baalga atalgan qurbongohlarni va butlarni yo‘q qildi. Yohushafat xalq Yahovaning qonunlarini bilishini xohlardi. U beklarni va levilarni butun Yahudo bo‘ylab odamlarga Yahovaning qonunlarini o‘rgatish uchun yubordi.

Yahova O‘z xalqi bilan birga ekanini bilishgani uchun, yaqin atrofdagi xalqlar Yahudoga hujum qilishdan qo‘rqishardi. Ular Yohushafatga hatto sovg‘alar olib kelishardi. Ammo keyin mo‘abliklar, ommonliklar va Seir hududida yashovchilar Yahudoga qarshi jang qilgani kelishdi. Yohushafat Yahovaning yordamiga muhtojligini bilardi. U barcha erkaklar, ayollar va bolalarni Quddusga to‘pladi. U hammaning oldida ibodat qilib: «Yahova, Sening yordamingsiz g‘alaba qozona olmaymiz. Iltimos, bizga nima qilishni ayt»,— dedi.

Yahova uning ibodatiga javoban: «Qo‘rqmanglar. Sizlarga O‘zim yordam beraman. O‘z o‘rningizni egallab, tik turing va sizlarni qanday xalos etishimni kuzating»,— dedi. Qiziq, Yahova ularni qanday qutqardi?

Ertasi kuni ertalab Yohushafat qo‘shiqchilarni tanlab, ularga qo‘shin oldida borishni aytdi. Ular Quddusdan yo‘lga chiqib, Taxuva deb atalgan jang maydoniga borishdi.

Qo‘shiqchilar baland ovozda va quvonch ila Yahovaga hamdu sano aytayotganida, Yahova O‘z xalqi uchun jang qildi. U ommonliklar bilan mo‘abliklarni shunchalik sarosimaga soldiki, ular bir-birini o‘ldira boshlashdi va hech kim tirik qolmadi. Biroq Yahova Yahudo xalqini, ularning jangchilarini va ruhoniylarni himoya qildi. Yaqin atrofda yashovchi xalqlar Yahova nima qilgani haqida eshitishdi va U hali ham O‘z xalqini himoya qilayotganini bilib olishdi. Yahova bugungi kunda O‘z xalqini qanday himoya qilyapti? Turli yo‘llar bilan himoya qilyapti va buning uchun Yahova insonlarning yordamiga muhtoj emas.

«Bu urushda sizlar jang qilmaysizlar. O‘z o‘rningizni egallab, tik turing va Yahova sizlarni qanday xalos etishini kuzating». (2 Solnomalar 20:17)