Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

65-DARS

Ester xalqini qutqarib qoladi

Ester xalqini qutqarib qoladi

Fors shohligining Suza shahrida Ester ismli yahudiy qiz yashardi. Ko‘p yillar ilgari Navuxodonosor uning ota-bobolarini Quddusdan olib kelgan edi. Ester amakivachchasi Mordaxayning qo‘lida katta bo‘ldi. Mordaxay esa Fors shohi Axashverashga xizmat qilardi.

Bir kuni shoh Axashverash yangi malika tanlashni xohladi. Uning xizmatkorlari shohlikdagi eng go‘zal qizlarni, shu qatorda Esterni ham olib kelishdi. Shoh barcha qizlar ichidan Esterni malika sifatida tanladi. Mordaxay Esterga yahudiy ekani haqida hech kimga aytmaslikni tayinladi.

Xomon ismli mag‘rur kishi barcha beklar ustidan boshliq edi. U hamma unga tiz cho‘kib ta’zim qilishini istardi. Mordaxay bunday qilishdan bosh tortgani uchun Xomon g‘azablanib, uni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. U Mordaxayning yahudiy ekanini bilgach, shohlikdagi barcha yahudiylarni o‘ldirish rejasini tuzdi. Xomon shohga: «Yahudiylar xavfli xalq, siz ularni yo‘q qilishingiz kerak»,— deb aytdi. Axashverash: «Nima qilishni zarur deb hisoblasang, shuni qil»,— deya unga qonun chiqarish huquqini berdi. Xomon qonun chiqarib, shohlikda yashovchilarga adar oyining 13-kuni barcha yahudiylarni qirib tashlashni buyurdi. Yahova bularning barini kuzatib turardi.

Ester bu qonundan bexabar edi. Mordaxay qonun nusxasini Esterga jo‘natib, unga: «Borib bu haqda shoh bilan gaplash»,— deb aytdi. Ester esa unga shunday dedi: «Chaqirilmasdan shohning oldiga borgan har qanday inson o‘ldiriladi. Mana 30 kundirki, shoh meni chaqirtirgani yo‘q! Biroq men boraman. Agar u saltanat hassasini uzatsa, men yashayman. Agar uzatmasa o‘laman».

Ester shoh saroyining hovlisiga bordi. Shoh uni ko‘rishi bilanoq, saltanat hassasini u tomon uzatdi. U shohga yaqinlashdi, shunda shoh: «Tilaging nima Ester?» — deb so‘radi. U javoban: «Men sizni va Xomonni ziyofatga taklif qilmoqchiman»,— dedi. Ziyofat paytida Ester ularni keyingi kunga yana ziyofatga taklif qildi. Ertasi kungi ziyofatda shoh yana Esterdan: «Tilaging nima?» — deb so‘radi. Malika: «Bir kishi meni va xalqimni o‘ldirmoqchi. Iltimos, bizni qutqaring»,— dedi. Shoh esa: «O‘sha odam kim?» — deb so‘radi. Ester: «Bu yovuz inson Xomon!» — dedi. Axashverash g‘azabga minib, o‘sha zahoti Xomonni o‘ldirdi.

Ammo Xomon chiqargan qonunni hech kim, hattoki shoh ham bekor qila olmasdi. Shunda shoh Mordaxayni beklar ustidan boshliq etib tayinladi va unga yangi qonun chiqarish huquqini berdi. Mordaxay chiqargan qonunga ko‘ra yahudiylarga hujum qilishganida, ular o‘zlarini himoyalashlari mumkin edi. Adar oyining 13-kuni yahudiylar dushmanlari ustidan g‘alaba qozonishdi. O‘shandan buyon ular bu kunni har yili nishonlaydigan bo‘lishdi.

«Men tufayli sizlarni hokimlar-u podshohlar qoshiga olib borishadi. O‘shanda ularga hamda boshqa xalqlarga shohidlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lasizlar». (Matto 10:18)