Asosiy materiallarga o‘tish

Yahovaning Shohidlari xayr-ehsonlarni nimalarga ishlatadi?

Yahovaning Shohidlari xayr-ehsonlarni nimalarga ishlatadi?

 Xayr-ehsonlarni tashkilotimizning diniy va insonparvarlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga sarflaymiz. Ushbu faoliyat asosiy maqsadimiz bo‘lib, odamlarga Iso Masihning shogirdlari bo‘lishga yordam beradi. (Matto 28:19, 20)

 Xayr-ehsonlar biron-bir kishini boyitish uchun mo‘ljallanmagan. Oqsoqollarga xizmati uchun pul to‘lanmaydi. Yahovaning Shohidlariga uyma-uy xizmat qilishayotgani uchun ham pul berilmaydi. Filiallarda va xalqaro bosh idorada xizmat qilayotganlar, jumladan, Yetakchi kengash a’zolari ham qilgan xizmati uchun oylik olishmaydi.

Tashkilotimiz faoliyati

  •   Nashriyot ishi: Har yili millionlab Muqaddas Kitob va boshqa adabiyotlarimizni tarjima qilamiz, chop etamiz, dunyodagi turli mamlakatlarga jo‘natamiz va bepul tarqatamiz. Bundan tashqari, jw.org sayti va JW Library ilovasidan adabiyotlarimizni bepul va reklamasiz elektron shaklida olish mumkin.

  •   Qurilish va ta’mirlash: Butun dunyo bo‘ylab barcha imondoshlarimiz Xudoni sharaflashi va birga yig‘ilishi uchun oddiy binolarni quramiz va ta’mirlaymiz. Filial va tarjimonlar ofislarini ham quramiz va ta’mirlaymiz. Bunday ishlarning ko‘pi ixtiyoriy xizmatchilar tomonidan qilinadi. Bu xayr-ehsonlarni tejashga hissa qo‘shadi.

  •   Ma’muriy ish: Xalqaro bosh idoramiz, filiallar va tarjimonlar ofislari, jumladan, tuman nozirlarining faoliyati umumjahon ishimiz uchun ehson qilinadigan xayr-ehsonlar orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

  •   Va’zgo‘ylik: Yahovaning Shohidlari boshqalarga bepul tarzda xushxabarni va’z qilishadi va Xudoning kalomiga o‘rgatishadi. (2 Korinfliklarga 2:17) Lekin birinchi asrda bo‘lgani kabi, aksariyat vaqtini va’zgo‘ylik faoliyatida ishtirok etishga bag‘ishlagan, ta’lim olgan xizmatchilar turar joy va asosiy ehtiyojlarini qoplashi uchun oz miqdordagi pul bilan ta’minlanadi. (Filippiliklarga 4:16, 17; 1 Timo‘tiyga 5:17, 18)

  •   Ta’lim berish faoliyati: Anjumanlarimiz o‘tkazilishi uchun ketgan xarajatlar xayr-ehsonlarimiz evaziga qoplanadi. Qolaversa, Muqaddas Kitobga asoslangan audio va video yozuvlarini ishlab chiqaramiz. Oqsoqol va to‘la vaqtli xizmatchilar o‘z topshiriqlarini yanada samarali bajarishiga ko‘maklashadigan maktablar o‘tkazamiz.

  •   Jabr ko‘rganlarga yordam: Tabiiy va boshqa ofatlardan jabr ko‘rgan insonlarning oziq-ovqati, suvi va turar joyi bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilamiz. Insonparvarlik ishi nafaqat imondoshlarimizga, balki Yahovaning Shohidi bo‘lmagan insonlarga ham foyda keltirmoqda. (Galatiyaliklarga 6:10)