Asosiy materiallarga o‘tish

Yahova Shohidlarining faoliyati qaysi mablag‘ bilan ta’minlanadi?

Yahova Shohidlarining faoliyati qaysi mablag‘ bilan ta’minlanadi?

 Umumjahon faoliyatimiz asosan Yahova Shohidlarining ixtiyoriy xayr-ehsonlari evaziga qoplanadi a. Agar xayr-ehson qilmoqchi bo‘lsangiz, uchrashuvlarimiz o‘tadigan joylardagi ehson qutilaridan yoki saytimizda «Xayr-ehson» deb nomlangan sahifadagi biron usuldan foydalanishingiz mumkin. Har bir kishi umumjahon ishi, mahalliy jamoat ehtiyojlari yoki ikkalasi uchun xayr-ehson qilish-qilmaslikni o‘zi hal qiladi.

 Yahovaning Shohidlaridan ushr to‘lash yoki muayyan miqdordagi pul yo oyligining bir qismini berish talab etilmaydi. (2 Korinfliklarga 9:7) Uchrashuvlarimizda pul yig‘ib olinmaydi va kirish, dafn marosimi, nikoh to‘yi va hokazolar uchun odamlar pul to‘lamaydi. Shuningdek, pul yig‘ib olish maqsadida shirinliklarni arzon narxda sotmaymiz, savdo yarmarkalarini uyushtirmaymiz, lotereya o‘yinlari, bayram, bazm yoki shunga o‘xshash narsalarni tashkillashtirmaymiz va odamlardan xayr-ehson qilishni so‘ramaymiz. Ehson qilgan insonlarning ismlari noma’lum bo‘lib qoladi. (Matto 6:2–4) Veb-saytimiz va adabiyotlarimizda reklama joylashtirilmaydi.

 Yahova Shohidlarining har bir jamoatida oyda bir marta yig‘ilishlarida moliyaviy hisobot taqdim etiladi. Bu yig‘ilishlarga xohlagan kishi kelishi mumkin. Xayr-ehsonlar munosib tarzda qo‘llanilayotganlikda amin bo‘lish maqsadida, har bir jamoatning hisob qaydnomalari muntazam ravishda tekshiriladi. (2 Korinfliklarga 8:20, 21)

Xayr-ehson qilish yo‘llari

  •   Xayr-ehson qutilari. Yig‘ilish yoki Anjuman zallari yoki uchrashuvlarimiz o‘tkaziladigan boshqa joylarda bor bo‘lgan qutilar ichiga naqd pul yoki chek solish mumkin.

  •   Onlayn xayr-ehsonlar. Ko‘p mamlakatlarda kredit yoki debet kartalari, bank o‘tkazmalari va saytda ko‘rsatilgan boshqa usullar orqali xayr-ehson qilish uchun «Yahovaning Shohidlariga xayr-ehson» sahifasiga kirish mumkin b. Ba’zi Yahovaning Shohidlari bu usullarning biri orqali muntazam ravishda xayr-ehson qilish niyatida har oy «pul ajratib qo‘yishga» qaror qiladi. (1 Korinfliklarga 16:2)

  •   Rejalashtirilgan xayr-ehsonlar. Xayr-ehson qilishning ayrim usullari uchun rejalashtirish va/yoki yuridik mutaxassisning maslahati kerak bo‘ladi. Bu tufayli, ehtimol, mamlakatingizdagi soliq imtiyozlaridan foydalana olarsiz. Ko‘plarga hayotligida hamda vafotidan keyin qilish mumkin bo‘lgan xayr-ehsonlar borasidagi ma’lumot foyda keltirdi. Quyida keltirilgan usullarning biri orqali xayr-ehson qilmoqchi bo‘lsangiz, iltimos, batafsil ma’lumotga ega bo‘lish uchun Yahova Shohidlarining mahalliy filiali bilan bog‘laning.

    •   bank hisobi,

    •   sug‘urta,

    •   ko‘chmas mulk,

    •   aksiya va qimmatli qog‘ozlar,

    •   vasiyatnoma va mol-mulkni boshqarish borasidagi ishonch shartnomasi.

 Mamlakatingizda qanday xayr-ehsonlar qilish mumkinligi haqida ko‘proq bilish uchun «Yahovaning Shohidlariga xayr-ehsonlar» sahifasiga qarang.

a Yahovaning Shohidlari bo‘lmagan ba’zi insonlar ham faoliyatimizni qo‘llab-quvvatlash niyatida xayr-ehson qilishadi.

b Ko‘proq ma’lumot uchun «Elektron xayr-ehson qilish yo‘llari» nomli videoni tomosha qiling.