Asosiy materiallarga o‘tish

Suvga cho‘mish nima degani?

Suvga cho‘mish nima degani?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Suvga cho‘mganda inson suvga to‘liq kirib chiqadi. Shu sababli Iso payg‘ambar ham sersuv daryoda suvga cho‘mdirilgan. (Matto 3:13, 16) Shu singari, habashistonlik kishi suvga cho‘mmoqchi ekanini aytganida, u va Filip «suvga kirishgan». (Havoriylar 8:36–40)

Suvga cho‘mishning ma’nosi

 Muqaddas Kitobda suvga cho‘mish dafn etilish bilan taqqoslangan. (Rimliklarga 6:4; Kolosaliklarga 2:12) Suvga cho‘mish ramziy ma’noda avvalgi hayot tarzi uchun o‘lishni hamda Xudoga bag‘ishlagan masihiy sifatida qayta tirilib, yangi hayot boshlashni anglatadi. Suvga cho‘mish va undan oldin qo‘yiladigan qadamlar Xudoning tadbiridir. Bu tadbir tufayli inson Iso Masihning qurbonligiga bo‘lgan imoni asosida toza vijdonga ega bo‘lishi mumkin. (1 Butrus 3:21) Shuning uchun, Iso izdoshlarini suvga cho‘mish lozim deb o‘rgatgan. (Matto 28:19, 20)

Suvga cho‘mish gunohlardan forig‘ qiladimi?

 Yo‘q. Muqaddas Kitobga ko‘ra, faqatgina Iso payg‘ambarning to‘kilgan qoni orqali gunohlarimizdan pok bo‘lishimiz mumkin. (Rimliklarga 5:8, 9; 1 Yuhanno 1:7) Isoning to‘lov qurbonligidan foyda olish uchun inson Isoga ishonishi, hayotini uning ta’limotlariga muvofiq tarzda o‘zgartirishi va keyin suvga cho‘mishi lozim. (Havoriylar 2:38; 3:19)

Chaqaloqlarni «cho‘qintirish» nima degani?

 «Cho‘qintirish» so‘zi Muqaddas Kitobda umuman uchramaydi. Bu so‘z ostida ayrim cherkovlarda o‘tkaziladigan marosim nazarda tutiladi. Bu marosim paytida chaqaloqlarning boshiga suv sachratiladi yoki quyiladi va ularga ism beriladi.

Muqaddas Kitob chaqaloqlarni suvga cho‘mdirish kerak deb o‘rgatadimi?

 Yo‘q, Muqaddas Kitob bunday deb o‘rgatmaydi. Suvga cho‘mish uchun kishi «Xudoning Shohligi... to‘g‘risidagi xushxabarni» tushunib, unga ishona oladigan yoshda bo‘lishi lozim. (Havoriylar 8:12) Suvga cho‘mishdan oldin inson Xudoning so‘zlarini tinglab, ularni chin yurakdan qabul qilishi va tavba qilishi kerak. Chaqaloqlar esa buni qila olmaydi. (Havoriylar 2:22, 38, 41)

 Bundan tashqari, Muqaddas Kitobdan shuni bilib olyapmizki, Xudo masihiylarning kichkina bolalarini ota-onasining imoni asosida muqaddas va pok deb hisoblaydi. (1 Korinfliklarga 7:14) Agar chaqaloqlarni suvga cho‘mdirish qandaydir ahamiyatga ega bo‘lganida, ularning najot topishi ota-onasining imoniga bog‘liq bo‘lmasdi a.

Suvga cho‘mish borasida noto‘g‘ri fikrlar

 Noto‘g‘ri fikr: Insonning ustiga suv sachratish yoki quyish to‘liq suvga kirishning o‘rnini bosadi.

 To‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitobda suvga cho‘mgani haqida yozilgan barcha insonlar to‘liq suvga kirishgan. Masalan, Iso payg‘ambarning shogirdi Filip habashistonlik kishini suvga cho‘mdirganida ular «suvga kirishgan», keyin esa «suvdan chiqishgan». (Havoriylar 8:36–39)

 Noto‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitobda butun xonadon ahli suvga cho‘mgani haqida yozilganida chaqaloqlar ham nazarda tutilgan. Masalan, u yerda Filippi shahridagi qamoqxona nazoratchisi haqida shunday deyilgan: «O‘zi hamda butun xonadoni suvga cho‘mdi». (Havoriylar 16:31–34)

 To‘g‘ri fikr: Qamoqxona nazoratchisi haqida yozilganlardan shuni anglash mumkinki, suvga cho‘mganlarning bari «Yahovaning kalomini» tushunishgan va bundan «rosa suyunishgan». (Havoriylar 16:32, 34) Demak, qamoqxona nazoratchisining xonadonidagi chaqaloqlar suvga cho‘mdirilmagan, chunki ular Yahovaning kalomini tushuna olishmaydi.

 Noto‘g‘ri fikr: Iso payg‘ambar bolalar haqida: «Osmon Shohligi shundaylarnikidir»,— deb aytganida, chaqaloqlarni suvga cho‘mdirish kerak deb o‘rgatgan. (Matto 19:13–15; Mark 10:13–16)

 To‘g‘ri fikr: Iso payg‘ambar bu so‘zlarni suvga cho‘mish mavzusini muhokama qilayotganda aytmagan. Aksincha, u Xudoning Shohligiga kirishni istovchilar bolalar kabi kamtar va o‘rganishga tayyor bo‘lishlari kerakligini ta’kidlamoqchi edi. (Matto 18:4; Luqo 18:16, 17)

a Muqaddas Kitob haqidagi bir ensiklopediyaga ko‘ra, «Yangi Ahdning [Injilning] hech bir joyida chaqaloqlarni suvga cho‘mdirish haqida aytilmagan». Qolaversa, u yerda aytilishicha, bu odat «suvga cho‘mish borasidagi yanglish va bo‘rttirilgan nuqtai nazar», ya’ni suvga cho‘mish gunohlardan poklaydi degan fikr asosida yuzaga kelgan. («The International Standard Bible Ensyslopedia», 1- jild, 416–417-sah.)