Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12-BOB

Isoning suvga cho‘mishi

Isoning suvga cho‘mishi

MATTO 3:13–17 MARK 1:9–11 LUQO 3:21, 22 YUHANNO 1:32–34

  • ISO SUVGA CHO‘MADI VA MASIH BO‘LADI

  • YAHOVA ISONI O‘G‘LI DEB E’LON QILADI

Yahyo va’z qilishni boshlaganidan beri taxminan olti oy o‘tadi. Iso hozir qariyb 30 yoshda va u Iordan daryosiga, Yahyoning oldiga keladi. Nima uchun? Shunchaki undan xabar olganimi? Balki u Yahyoning xizmati qanday bo‘layotganini bilish uchun kelgandir? Yo‘q, Iso Yahyodan uni suvga cho‘mdirishni so‘raydi.

Lekin Yahyo uni to‘xtatmoqchi bo‘lib: «Aslida sen meni suvga cho‘mdirishing kerak edi. Sen esa mening yonimga kelyapsanmi?» — deb e’tiroz bildiradi. (Matto 3:14) Iso Xudoning O‘g‘li ekanini Yahyo biladi. Esingizda bo‘lsa, Isoga homilador bo‘lgan Maryam mehmonga borganida, Yahyo onasining qornida quvonchdan o‘ynoqlab ketgandi! Keyinchalik, Yahyoning onasi Elisabet unga bu haqda aytib bergani shubhasiz. Shuningdek Yahyo, farishta Isoning tug‘ilishi haqida aytgani va u tug‘ilgan kechasi farishtalar cho‘ponlarga ko‘ringani to‘g‘risida ham bilib olgan bo‘lsa kerak.

Yahyo gunohlariga iqror bo‘lgan kishilarni suvga cho‘mdirishi kerakligini bilardi. Biroq Iso gunohsiz bo‘lsa ham, Yahyoning e’tiroziga qaramay, shunday deb turib oladi: «Menga to‘sqinlik qilma, axir biz shu yo‘sin Allohning irodasini bajaryapmiz». (Matto 3:15)

Nima uchun Iso suvga cho‘mdirilishi kerak? Uning suvga cho‘mishi gunohlaridan tavba qilishini emas, balki Otasining irodasini bajarishga o‘zini taqdim etganini bildiradi. (Ibroniylarga 10:5–7) Ilgari Iso duradgor edi, endi esa Tangri Yahova uni yerga yuborishidan oldin bergan xizmatni bajarish vaqti keldi. Xo‘sh, Yahyo Isoni suvga cho‘mdirayotib, o‘zgacha voqea sodir bo‘lishini kutadimi?

Keyinchalik Yahyo quyidagilarni aytadi: «Odamlarni suvga cho‘mdirish uchun meni Yuborgan shunday dedi: “Kimning ustiga ruh tushib, unda qolganini ko‘rsang, ana o‘sha muqaddas ruh ila cho‘mdiruvchidir”». (Yuhanno 1:33) Demak Yahyo, suvga cho‘mayotgan odamlarning biriga Xudoning ruhi tushishini kutadi. Shu sababli, Iso suvga cho‘mib chiqqanida, «Xudoning muqaddas ruhi kaptar shaklida Isoning ustiga tushayotganini ko‘rib» Yahyo hoynahoy hayron bo‘lmaydi. (Matto 3:16)

Ammo Iso suvga cho‘mganida, yana bir voqea yuz beradi. «Osmon ochilib ketadi». Bu nimani anglatadi? Bu degani, Iso suvga cho‘mayotganida o‘zining osmondagi hayotini eslaydi. Endi Iso ruhiy shaxs bo‘lganida, ya’ni osmonda kechirgan hayotini to‘liq eslay oladi. U osmonda yashaganida Xudo unga aytgan hamma narsalarni yodga oladi.

Ustiga-ustak, osmondan shunday ovoz eshitiladi: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman». (Matto 3:17) Bu kimning ovozi? Xudoning ovozi. Ba’zilar Isoni Xudo deb bilishgani uchun, bu uning ovozi deb aytsa to‘g‘ri bo‘ladimi? Yo‘q, axir Iso Yahyoning oldida edi-ku. Ha, Iso Tangrining O‘g‘li, u Xudo emas.

Shuni aytib o‘tish kerakki, Iso ham «Xudoning o‘g‘li» bo‘lgan Odamato kabi inson edi. Isoning shogirdi Luqo quyidagicha yozgan: «Iso xizmatini boshlaganida, taxminan 30 yoshda edi. Uni Yusufning o‘g‘li deb hisoblashardi. Yusuf Elining o‘g‘li edi, Eli... Dovudning o‘g‘li edi. Dovud... Ibrohimning, Ibrohim... Nuhning, Nuh... Odamatoning, Odamato Xudoning o‘g‘li edi». (Luqo 3:23–38)

Demak, Isoni ham Odamato kabi «Xudoning o‘g‘li» deb ayta olamiz. Iso suvga cho‘mganida, osmonda Xudoning O‘g‘li bo‘lganini tushunadi. Endi Iso odamlarga Allohning haqiqati to‘g‘risida ta’lim berib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi. Ha, u gunohkor odamlar uchun jonini qurbon qilishga olib keladigan xizmatini boshlaydi.