Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Payg‘ambarlardan Alloh Taolo to‘g‘risida nimani o‘rganishimiz mumkin?

Payg‘ambarlardan Alloh Taolo to‘g‘risida nimani o‘rganishimiz mumkin?

O‘tmishda Alloh O‘z payg‘ambarlari orqali insonlarga muhim xabarlarni yetkazgan. Ushbu xabarlardan Xudoning barakasiga qay yo‘sin erishishimiz mumkinligini bilib olsak bo‘ladimi? Albatta! Keling, uchta sadoqatli payg‘ambardan nimani o‘rgana olishimizni ko‘rib chiqaylik.

IBROHIM PAYG‘AMBAR

Xudo yuzxotirchilik qilmaydi va barcha odamlarga baraka berishni istaydi.

Tangri Ibrohim payg‘ambarga: «Sen orqali yer yuzidagi barcha xalqlar baraka topadi»,— deb va’da bergan edi. (Ibtido 12:3)

Bundan nimani o‘rganyapmiz? Xudovand bizni juda yaxshi ko‘radi va Unga itoat etgan barcha xalqlarga baraka berishni istaydi.

MUSO PAYG‘AMBAR

Alloh shafqatlidir va Uni tanib-bilishga intilayotganlarga baraka beradi.

Qodir Tangri Muso payg‘ambarga buyuk mo‘jizalar ko‘rsatish qudratini ato etgan. Shunday bo‘lsa ham, Muso Allohga: «Seni tanib-bilishim uchun va bundan buyon ham nazaringda iltifot topishim uchun, menga O‘z yo‘llaringni ochib ber»,— deb ibodat qilgan. (Chiqish 33:13) Xudo uning iltimosidan mamnun bo‘lgan va Musoga O‘zining yo‘llari-yu fazilatlarini bilib olishga hamda tushunishga yordam bergan. Masalan, Muso Yaratuvchining «shafqatli va rahmdil... Xudo» ekanini bilib olgan. (Chiqish 34:6, 7)

Bundan nimani o‘rganyapmiz? Agar biz Alloh Taoloni yaxshiroq tanib-bilish uchun jon kuydirsak, U hech birimizdan O‘z barakasini darig‘ tutmaydi. Tangri Muqaddas Kalomi orqali Unga qanday topinishimiz kerakligini va bizga marhamati-yu barakasini yog‘dirishga tayyor ekanini ko‘rsatyapti.

ISO PAYG‘AMBAR

Hazrati Iso rahmdillik ila turli kasallikka chalinganlarni davolagan

Iso alayhissalom, uning ishlari va ta’limotlari haqida o‘rgansak, Xudoning abadiy barakalaridan bahramand bo‘la olamiz.

Allohning Kalomida Iso payg‘ambarning hayoti-yu ta’limotlariga doir ko‘plab tafsilotlar yozilgan. Xudovand Hazrati Isoga ulug‘ mo‘jizalar yaratish, jumladan, ko‘r, kar va cho‘loqlarni davolash qudratini ato etgan. Iso alayhissalom hatto o‘lganlarni hayotga qaytargan. Mo‘jizalar yaratish orqali u kelajakda Xudo insoniyatga qanday barakalar yog‘dirmoqchi ekanini ko‘rsatgan. Chindan ham, Tangri barcha insonlarga mukammal sog‘liq beradi va o‘lganlarni yer yuzidagi jannatda yashashlari uchun tiriltiradi. Iso payg‘ambar bu barakalarga qanday erishishimiz mumkinligini shunday tushuntirgan: «Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak». (Yuhanno 17:3)

Iso alayhissalom hamdard, rahmdil va mehribon bo‘lgan. Shunga erkag-u ayollar, yosh-u qarilar uning «Mendan o‘rganinglar, chunki men muloyim va soddadilman. Shunday qilib, jonlaringiz rohat topadi» degan taklifini qabul qilib, oldiga oqib kelishgan. (Matto 11:29) Qolaversa, Hazrati Iso zamondoshlaridan farqli ravishda, ayollarga mehr bilan muomala qilib, ularning qadr-qimmatini e’zozlagan.

Bundan nimani o‘rganyapmiz? Iso payg‘ambar odamlarga kuchli sevgini namoyon etgan va bir-birimizga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerakligi borasida ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan.

ISO XUDO EMAS

Muqaddas Kitobdan butun olamni yaratgan Xudo yagona ekanini va Iso alayhissalom Uning kamtarin elchisi bo‘lganini bilib olyapmiz. (1 Korinfliklarga 8:6) Iso payg‘ambar Xudo undan ustun ekanini hamda uni Xudoning O‘zi yer yuziga yuborganini ta’kidlagan. (Yuhanno 11:41, 42; 14:28) *

^ 17- x.b. Iso payg‘ambar haqida ko‘proq bilishni istasangiz, www.isa4310.com saytida joylashgan «Haqiqiy imon baxt keltiradi» nomli risolaning 8- va 9-qismlariga qarang.