Asosiy materiallarga o‘tish

Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobni o‘z ta’limotlariga moslashtirish uchun uni o‘zgartirishganmi?

Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobni o‘z ta’limotlariga moslashtirish uchun uni o‘zgartirishganmi?

 Yo‘q. Aksincha, ishonib kelgan ta’limotlar Muqaddas Kitobga zid bo‘lganini aniqlagandan so‘ng nuqtai nazarimizni o‘zgartirardik.

 «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ni 1950-yili nashr etishni boshlaganimizdan ancha yillar oldin Muqaddas Kitobni tadqiq qilardik. Bor bo‘lgan barcha tarjimalarni qo‘llardik va ta’limotlarimizni ular asosida aniqlardik. Yahovaning Shohidlari ko‘p yillar davomida ishonib kelgan ba’zi ta’limotlarni ko‘rib chiqib, ular Muqaddas Kitobga zid yoki zid emasligini tekshiring.

  1.   Xudo uchlik emas. «Sion qo‘riqchi minorasi»ning (ingl.) 1882-yili iyul sonida shunday yozilgan: «O‘quvchilarimizga ma’lumki, biz Yahovaga, Iso Masihga va muqaddas ruhga ishonamiz, ammo uchta xudo birikib bitta xudoni anglatadi yoki ba’zilarning aytishicha, Xudo uchta shaxsdan iborat degan ta’limotni Muqaddas Kitobga umuman zid deb bilamiz».

      Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yahova Xudoyimiz tanho Yahova». (Qonunlar 6:4, «Muqaddas Kitob. Robert Yang») «Otamiz Xudo bor... Iso Masih bor. Hamma narsa u orqali vujudga kelgan». (1 Korinfliklarga 8:6, Turkiya, 1998) Isoning o‘zi: «Otam mendan ulug‘dir»,— deb aytgan. (Yuhanno 14:28, Turkiya, 1998)

  2.   Abadiy otashin do‘zaxda azoblar yo‘q. «Sion qo‘riqchi minorasi»ning (ingl.) 1882-yili iyun soni Rimliklarga 6:23 ga («Qirol Jeyms Bibliyasi»ga) asoslangan bo‘lib, «Gunohning evazi — o‘lim» deb nomlangan maqola chiqqan. U yerda shunday yozilgan: «Bu aniq va tushunarli so‘zlar. Qizig‘i shundaki, Muqaddas Kitobni Xudoning Kalomi deb tan olayotgan ko‘p odamlar ularni qat’iyan rad etib, gunohning evazi — otashin do‘zaxda abadiy azob chekish deyilganiga ishonishadi va Muqaddas Kitobda shunday deyilgan deb ta’kidlashadi».

      Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: Xudoga qarshi bo‘lganlar uchun so‘nggi jazo sifatida abadiy azoblar emas, «abadiy halokat» bo‘ladi. (2 Salonikaliklarga 1:9, Turkiya, 1998)

  3.   Xudoning Shohligi shunchaki qalb holati emas, mavjud bo‘lgan hukumat. «Sion qo‘riqchi minorasi»ning (ingl.) 1881-yili dekabr sonida u haqida quyidagicha yozilgan: «Bu Shohlikning o‘rnatilishi yer yuzidagi barcha shohliklarning qulashini o‘z ichiga oladi».

      Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «O‘sha shohlarning davrida Samoviy Xudo bitmas-tuganmas bir shohlik o‘rnatadi. Hech kim uni yenga olmaydi. Bu shohlik boshqa barcha shohliklarni yer bilan yakson qilib, o‘zi abadiy turadi». (Doniyor 2:44, Turkiya, 1998)

Yahovaning Shohidlari faqat «Yangi dunyo tarjimasi»dan foydalanishadimi?

 Yo‘q. Muqaddas Kitob asosidagi ta’lim berish faoliyatimizda ko‘pgina turlicha tarjimalarni qo‘llaymiz. Muqaddas Kitobni tadqiq qilmoqchi bo‘lganlarga «Yangi dunyo tarjimasi»ni bepul tarzda beramiz, lekin Muqaddas Kitobning boshqa tarjimalari asosida tadqiq o‘tishni xohlagan kishilarga ulardan foydalanib tadqiq o‘tkazishga tayyormiz.