Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitob «najot topgan kishi undan hech qachon mahrum bo‘lmaydi» deb o‘rgatadimi?

Muqaddas Kitob «najot topgan kishi undan hech qachon mahrum bo‘lmaydi» deb o‘rgatadimi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Yo‘q, Muqaddas Kitob bunday nuqtai nazarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Iso payg‘ambarga ishonib najot topgan inson imonini yo‘qotishi mumkin. Bu esa najotni ham qo‘ldan boy berdi deganini anglatadi. Muqaddas Kitob imonni mustahkamlash yo‘lida «zo‘r berib kurashish» lozimligini aytmoqda. (Yahudo 3, 5) Garchi ilk masihiylar Isoga allaqachon ishongan bo‘lsa-da, ularga shunday ogohlantirish berilgan edi: «Bundan buyon ham qo‘rquv va titroq bilan o‘z najotingizga erishishga urininglar». (Filippiliklarga 2:12)

«Najot topgan kishi undan hech qachon mahrum bo‘lmaydi» degan g‘oyani rad etuvchi Muqaddas Kitob oyatlari

  •   Muqaddas Kitob jiddiy gunoh qilgan inson Xudoning Shohligini meros qilib olmasligi haqida ogohlantirgan. (1 Korinfliklarga 6:9–11; Galatiyaliklarga 5:19–21) Agar kishi erishgan najotidan hech qachon mahrum bo‘lmaganida, bunday ogohlantirish o‘z kuchini yo‘qotgan bo‘lardi. Muqaddas Kitobdan ko‘rinib turibdiki, najot topgan inson yana gunohli ishlarni qilaversa, najotni yo‘qotishi mumkin. Misol uchun, Ibroniylarga 10:26 da: «Bordi-yu, haqiqat to‘g‘risida aniq bilimga ega bo‘lgandan keyin ham ataylab gunoh qilaversak, gunohlarni yuvadigan boshqa qurbonlik qolmaydi». (Ibroniylarga 6:4–6; 2 Butrus 2:20–22)

  •   Iso payg‘ambar imonni mustahkamlash muhimligini ta’kidlash uchun bir misol keltirgan. Bu misolda Iso o‘zini tok, izdoshlarini esa tokning novdalari bilan solishtirgan. Ularning ba’zilar qachondir ishlari bilan imonni namoyon etgan yoki hosil bergan, ammo vaqt o‘tib bunday qilmay qo‘yishgan va ular hosil bermaydigan «novda singari kesib tashlangan». (Yuhanno 15:1–6) Havoriy Pavlus ham shunga o‘xshash misol keltirib, imonini yo‘qotgan masihiylar novda kabi «kesib tashlanishi» haqida aytgan edi. (Rimliklarga 11:17–22)

  •   Iso payg‘ambar: «Hushyor turinglar»,— deb amr bergan. (Matto 24:42; 25:13) Kimki ma’nan uxlab qolib «zulmatga oid ishlarni» qilaversa hamda Isoning amrlarini to‘liq bajarmasa, najotini yo‘qotishi mumkin. (Rimliklarga 13:11–13; Vahiy 3:1–3)

  •   Ko‘pgina Muqaddas Kitob oyatlaridan najotga erishganlar oxirigacha sadoqatli qolishlari kerakligini ko‘rsa bo‘ladi. (Matto 24:13; Ibroniylarga 10:36; 12:2, 3; Vahiy 2:10) Ilk masihiylar imondoshlari imonda mahkam turgani haqida eshitib xursand bo‘lishgan. (1 Salonikaliklarga 1:2, 3; 3 Yuhanno 3, 4) Imonni yo‘qotgan kishi ham najotga erishadigan bo‘lsa, Muqaddas Kitob sadoqatli qolishga shunchalik urg‘u bergan bo‘larmidi?!

  •   Havoriy Pavlus o‘lim arafasida bo‘lgandagina najotga erishganiga amin bo‘lgan. (2 Timo‘tiyga 4:6–8) Bundan oldin esa u tana istaklariga berilsa, najotni qo‘ldan boy berishi mumkinligini tan olgan. U shunday yozgan: «Boshqalarga xushxabarni aytib yurib, o‘zim Xudoga noma’qul bo‘lib qolmay deb, tanamni savalab, uni qulday nazorat qilyapman». (1 Korinfliklarga 9:27; Filippiliklarga 3:12–14)