Asosiy materiallarga o‘tish

Keksa ota-onalarga g‘amxo‘rlik qilish borasida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

Keksa ota-onalarga g‘amxo‘rlik qilish borasida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Voyaga yetgan farzandlar keksa ota-otanalariga g‘amxo‘rlik qilinayotganiga ishonch hosil qilish kabi muhim mas’uliyatga ega. Muqaddas Kitobda voyaga yetgan farzandlar quyidagilarni qilishi kerakligi aytilgan: «Avval uylarida xudojo‘y bo‘lishni o‘rganib, ota-onalariga... nisbatan burchlarini bajarishsin, chunki bu Xudoga ma’quldir». (1 Timo‘tiyga 5:4) Voyaga yetgan farzandlar keksa ota-onalariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganiga amin bo‘lsa-da, ular Muqaddas Kitobdagi: «Ota-onangizni hurmat qiling»,— degan amrga ham bo‘ysunishadi. (Efesliklarga 6:2, 3)

 Xudoning Kalomida keksaygan ota-onalarga g‘amxo‘rlik qilish borasida o‘zgacha yo‘l-yo‘riqlar keltirilmagan. Biroq u yerda keksaygan ota-onasiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan imonli erkag-u ayollarning misollari yozilgan. Qolaversa, Muqaddas Kitobda keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga qo‘l keladigan amaliy maslahatlar bor.

 Qay yo‘sin qadimda ba’zilar keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan?

 Ular vaziyatlaridan kelib chiqib, buni turli yo‘llar orqali qilishgan.

  •   Yusuf yoshi o‘tib borayotgan otasi Yoqubdan uzoqda yashagan. Imkon tug‘ilganida, Yusuf otasi Yoqubni o‘ziga yaqinroq joyga ko‘chirgan. So‘ng esa u Yoqubni uy-joy, oziq-ovqat bilan ta’minlab, uni himoya qilgan. (Ibtido 45:9–11; 47:11, 12)

  •   Rut qaynanasining ona yurtiga ko‘chib borgan va unga g‘amxo‘rlik qilish uchun qattiq mehnat qilgan. (Rut 1:16; 2:2, 17, 18, 23)

  •   Iso o‘limidan sal avval, hoynahoy, o‘shanda beva bo‘lgan onasi Maryamga g‘amxo‘rlik qilishni bir kishiga tayinlagan. (Yuhanno 19:26, 27) a

 Muqaddas Kitobda keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga qo‘l keladigan qanday amaliy maslahatlar bor?

 Keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qiladiganlar ba’zida jismonan va hissan charchaydi. Bunday vaziyatda Muqaddas Kitobdagi prinsiplar ularga yordam bera oladi.

  •   Ota-onangizni hurmat qiling.

     Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Ota-onangizni hurmat qilinglar». (Chiqish 20:12)

     Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Ota-onangizning imkoniyatlari yo‘l qo‘yguncha ularga erkinlik berish orqali hurmat ko‘rsating. Vaziyat yo‘l qo‘yguncha qanday g‘amxo‘rlik qilish borasida ota-onangiz qaror chiqarishiga yo‘l qo‘ying. Shu bilan birga, sharoitingizdan kelib chiqib ularni qo‘llab-quvvatlash orqali hurmat ko‘rsating.

  •   Tushunadigan va kechirimli bo‘ling.

     Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Fahm-farosatli jahlini tiya oladi, xatolarni kechirish insonni bezaydi». (Hikmatlar 19:11)

     Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Ota-onangiz qo‘pol gapirsa yoki g‘amxo‘rligingizni qadrlamayotganday tuyulsa, o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Ular kabi imkoniyatlarim chegaralangan va ruhim tushgan bo‘lsa, o‘zimni qanday his qilgan bo‘lardim?» Tushunishga va kechirimli bo‘lishga harakat qilsangiz, bu sizga qiyin vaziyatni yanada chigallashtirmaslikka yordam berar.

  •   Boshqalar bilan maslahatlashing.

     Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Maslahat bo‘lmagan joyda rejalar barbod bo‘ladi, maslahatchi ko‘p bo‘lsa, ular amalga oshadi». (Hikmatlar 15:22)

     Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Ota-onangizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan sog‘liq muammolarini qanday hal qilish borasida izlanish o‘tkazing. Siz yashaydigan hududda ularga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qilishga ko‘maklashadigan qanday imkoniyatlar borligini aniqlang. Keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qiladiganlar bilan suhbatlashing. Aka-uka yoki opa-singillaringiz bo‘lsa, ota-onangizning ehtiyojlari, ularga qanday yordam ko‘rsatish va mas’uliyatlarni qanday bo‘lishib olishni birgalikda muhokama qiling.

    Oila a’zolaringiz bilan yig‘ilib, ota-onangizga g‘amxo‘rlik qilish borasida fikr almashing

  •   Imkoniyatlaringiz chegaralanganini tan oling.

     Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «O‘z haddini biladiganlarga esa donolik xosdir». (Hikmatlar 11:2, izoh)

     Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Imkoniyatlaringiz chegaralanganini tan oling. Masalan, har bir insonning vaqti va kuchi chegaralangan. Imkoniyatlar chegaralanganini bilish ota-onangiz uchun nimalar qila olishingizga real qarashingizga ta’sir qiladi. Keksa ota-onangizga g‘amxo‘rlik qilish sizga og‘irlik qilayotganini sezsangiz, boshqa oila a’zolaringizdan yoki mutaxassislardan yordam so‘rash haqida o‘ylab ko‘ring.

  •   Sog‘ligingizga e’tiborli bo‘ling.

     Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Hech bir kishi o‘z tanasidan nafratlanmaydi, aksincha, uni oziqlantirib, ardoqlaydi». (Efesliklarga 5:29)

     Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Ota-onangizga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatiga ega bo‘lsangiz ham, o‘z ehtiyojlaringizga va agar turmush qurgan bo‘lsangiz, oilangizga g‘amxo‘rlik qilishingiz lozim. Yaxshi ovqatlanishingiz kerak. Yetarlicha dam olishingiz va uxlashingiz darkor. (Voiz 4:6) Imkon tug‘ilganda oz-moz dam olish uchun tanaffus qilib turish yaxshi bo‘lardi. Bunday yo‘l tutib, hissan, aqlan hamda jismonan yaxshilanib, ota-onangizga g‘amxo‘rlik qila olasiz.

 Xudoning Kalomida keksa ota-onalarga faqat uyda g‘amxo‘rlik qilish kerak, deb aytilganmi?

 Muqaddas Kitobda bu haqda aniq yo‘l-yo‘riq keltirilmagan. Ba’zi farzandlar ota-onasiga imkon qadar uyida g‘amxo‘rlik qilishni tanlashadi. Lekin qaysidir paytda ular ota-onasiga qariyalar uyida sifatliroq yordam beriladi, deb xulosa qilar. Oila a’zolar birga yig‘ilib, har biri uchun qaysi qaror eng ma’qul bo‘lishini muhokama qilishi mumkin. (Galatiyaliklarga 6:4, 5)

a Bu voqea borasida bir ilohiyotshunos shunday dedi: «Ehtimol, Yusuf [Maryamning eri] bundan ancha oldin vafot etgan. Iso esa Maryamga g‘amxo‘rlik qilgan. Endi Iso hayotdan ko‘z yumar ekan, uning onasi bilan nima bo‘ladi? [...] Bu bilan Iso farzandlarga keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilish kerakligini o‘rgatgan». («The NIV Matthew Henry Commentary in One Volume», 428-, 429-sahifalar)