Asosiy materiallarga o‘tish

Jon bu nima?

Jon bu nima?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobdagi ibroniycha nе́fesh va yunoncha psixе́ so‘zlari «jon» deb tarjima qilinadi. Ibroniycha so‘z tom ma’noda «nafas olayotgan mavjudotni», yunoncha so‘z esa «tirik mavjudotni» anglatadi a. Shunday qilib, jon inson yoki hayvonni bildiradi, u o‘limdan keyin tananing ichida yashaydigan biron nima emas. Muqaddas Kitobdagi dalillar yordamida insonning joni uning o‘zini anglatishini bilib oling.

Odamatoga jon berilmagan, u «tirik jon bo‘lgan».

  •   Muqaddas Kitobga ko‘ra, Tangri Yahova ilk inson Odamatoni yaratganida u «tirik jon bo‘ldi». (Ibtido 2:7) Odamatoga jon berilmagan, u tirik jon yoki inson bo‘lgan.

  •   Muqaddas Kitobga ko‘ra, jon mehnat qilishi, qorni ochishi, yeyishi, qonunlarga bo‘ysunishi va jasadga qo‘l tekkizishi mumkin. (Levilar 5:2; 7:20; 23:30; Qonunlar 12:20; Rimliklarga 13:1) Bu barcha ishlarni insonning o‘zi bajaradi, uning qaysidir «qismi» emas.

Jon o‘lmasmi?

 Yo‘q, jon o‘lishi mumkin. O‘nlab Muqaddas Kitob oyatlarida jon o‘lishi haqida aytilgan. Mana ayrim misollar:

  •   «Gunoh qilayotgan jon o‘ladi». (Hizqiyo 18:4, 20)

  •   Qadimgi Isroilda inson eng og‘ir gunoh uchun «xalqi orasidan yo‘q qilinishi» kerak edi. (Chiqish 12:15, 19; Levilar 7:20, 21, 27; 19:8) Inson Shabbatga rioya qilmagani uchun «o‘limga mahkum etilardi». (Chiqish 31:14)

  •   Tom ma’noda «o‘lgan kishi» deb tarjima qilingan ibora ayrim Muqaddas Kitob oyatlarida insonning jasadi haqida gap ketganida ishlatiladi. (Levilar 21:11; Sahroda 6:6) Garchi aksariyat Muqaddas Kitob tarjimalarida mazkur oyatlarda «o‘lik tana» yoki «o‘lik inson» degan iboralar ishlatilgan bo‘lsa ham, asl ibroniycha matnda nе́fesh, ya’ni «jon» so‘zi turibdi.

«Jon» «hayotni» anglatishi mumkin

 Shuningdek, Muqaddas Kitobda «jon» so‘zi «hayot» so‘zining sinonimi sifatida ishlatiladi. Masalan, Ayub 33:22 a ibroniycha «jon» (nе́fesh) so‘zi «hayot» ma’nosida ishlatilgan. Qolaversa, Muqaddas Kitobda inson o‘z jonini, ya’ni hayotini xavf ostiga qo‘yishi yoki uni yo‘qotishi mumkinligi haqida aytilgan. (Chiqish 4:19; Hakamlar 9:17; Filippiliklarga 2:30)

 «Jon» so‘zi «hayot» ma’nosida qo‘llanilishi Ibtido 35:18 ni tushunishimizga yordam beradi. U yerda jon «uzilishi» haqida aytilgan. Bunday majoziy ibora insonning hayoti o‘z nihoyasiga yetayotganini bildiradi. Ayrim tarjimalarda Ibtido 35:18 dagi ibora «oxirgi nafas» deb o‘girilgan. («Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016»)

O‘lmas jon haqidagi ta’limot qayerdan kelib chiqqan?

 Xristian olami bu ta’limotni Muqaddas Kitobdan emas, qadimgi yunon falsafasidan o‘zlashtirgan. Bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Muqaddas Kitobda insonning ruhiy va jismoniy tanasi borligi haqida hech nima deyilmagan, aksincha shunchaki jon nafas olishi ta’kidlangan. Xristianlarning bir tana ikki qismga bo‘linishi haqidagi ta’limoti qadimgi yunonlardan kelib chiqqan. («Encyclopædia Britannica»)

 Xudo O‘z ta’limotlarini insoniy falsafa, jumladan, o‘lmas jon haqidagi ta’limot bilan aralashtirishni ma’qul deb bilmaydi. Muqaddas Kitobda shunday ogohlantirish bor: «Ehtiyot bo‘ling, hech kim sizlarni falsafa va quruq gaplar bilan tuzoqqa ilintirmasin. Bu narsalar insoniy urf-odatlarga... asoslangan». (Kolosaliklarga 2:8)

a Ko‘plab Muqaddas Kitob tarjimalarida nе́fesh va psixе́ so‘zlari matn tarkibiga qarab o‘girilgan va «jon», «hayot», «inson», «mavjudot» yoki «tana» deb ishlatilgan.