Asosiy materiallarga o‘tish

Iso payg‘ambarning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lgan?

Iso payg‘ambarning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lgan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Isoning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lgani borasida hech kim to‘liq ma’lumotga ega emas. Chunki Muqaddas Kitobda, bu haqida aniq aytilmagan. Demak, Uning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lganiga ko‘p e’tibor qaratmasligimiz kerak. Lekin Allohning Kalomidan bu haqda ba’zi narsalarni bilib olishimiz mumkin.

  •   Tashqi ko‘rinishi. Iso yahudiy bo‘lgan va ehtimol, somiylarning tashqi ko‘rinishi unga onasidan meros bo‘lib o‘tgan. (Ibroniylarga 7:14) Uning tashqi ko‘rinishi o‘zgacha bo‘lmagan. Bir safar Iso Jaliladan Quddusga yashirincha borgan va uni hech kim tanimagan. (Yuhanno 7:10, 11) Shuningdek, u shogirdlaridan ajralib turmagan. Shu sababdan Yahudo Ishqariyot Isoni hibsga olishga kelgan bir to‘da odamlarga Masih kimligini ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelgan. (Matto 26:47–49)

  •   Sochining uzunligi. Isoning sochi uzun bo‘lgani amrimahol. Chunki Muqaddas Kitobda, erkak sochini o‘stirishi sharmandalik, deb aytilgan. (1 Korinfliklarga 11:14)

  •   Soqoli. Iso payg‘ambarning soqoli bor edi. U: «Soqolingizning uchini qirqmanglar», — degan yahudiylarning qonuniga amal qilgan. (Levilar 19:27; Galatiyaliklarga 4:4) Shuningdek, Isoning azoblanishi haqidagi bashoratda u soqol bilan tasvirlangan. (Ishayo 50:6)

  •   Tanasi. Barcha omillar shuni ko‘rsatyaptiki, Iso alayhissalom jismonan kuchli bo‘lgan. Shuningdek, u yer yuzidagi xizmati mobaynida ko‘p piyoda yurgan. (Matto 9:35) Iso ma’badni ikki marta tozalagan. U yerda pul almashtiruvchilarning peshtaxtalarini ag‘darib yuborgan va bir safar qamchi yasab, hayvonlarni ma’baddan haydab chiqargan. (Luqo 19:45, 46; Yuhanno 2:14, 15) Bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Injil bayonotiga ko‘ra, [Iso] kuchli va sog‘lom tanaga ega bo‘lgan». («McClintock and Strong’s Cyclopedia» IV jild, 884- sah.)

  •   Yuz ifodasi. Iso mehribon va hamdard ekani uning yuz ifodasida aks etgan. (Matto 11:28, 29) Turli odamlar tasalli va yordam olish uchun Isoga intilgan. (Luqo 5:12, 13, 7:37, 38) Hatto bolalarga ham u bilan birga bo‘lish yoqardi. (Matto 19:13–15; Mark 9:35–37)

Isoning tashqi ko‘rinishi borasida noto‘g‘ri fikrlar

 Noto‘g‘ri fikr. Ba’zilar, Iso afrikaliklardan kelib chiqqan, deb ta’kidlashadi. Chunki Vahiy kitobida, uning sochlari «jun» oyoqlari esa «sof mis» bilan solishtirilgan. (Vahiy 1:14, 15)

 Fakt. Vahiy kitobi ramzlardan iborat. (Vahiy 1:1)

Bu yerda Isoning sochlari va oyoqlari haqida aytilganlar ramziy ma’noga ega. Ular Isoning yer yuzidagi tashqi ko‘rinishini emas, aksincha, tirilganidan keyin ega bo‘lgan fazilatlarini tasvirlaydi. Vahiy 1:14 da Isoning «sochlari oq jundek yoki qorday oppoq» deyilgan. Bu yerda sochning turi emas, rangi haqida aytilgan. Oqargan sochlar Iso payg‘ambarning yillar davomida orttirgan donoligini tasvirlaydi. (Vahiy 3:14) Ushbu oyatda Isoning sochi qanday turda bo‘lgani haqida gap ketmayapti. Chunki sochlari nafaqat junga, balki qorga ham o‘xshatilgan.

 Shuningdek, Isoning oyoqlari «ko‘rada qizdirilgan sof mis», yuzi esa «bamisli yarqirayotgan quyosh kabi» tasvirlangan. (Vahiy 1:15, 16) Hech bir irqda bunday tana rangiga ega insonlar yo‘q. Shuning uchun, bu vahiy ramziy ma’noga ega bo‘lib, tirilgan Iso «yaqinlashib bo‘lmaydigan nurda turganini» tasvirlaydi. (1 Timo‘tiyga 6:16)

 Noto‘g‘ri fikr. Iso nimjon va zaif bo‘lgan.

 Fakt. Iso haqiqiy erkak bo‘lgan. Masalan, qurollangan askarlar uni hibsga olish uchun kelganida, Iso jasorat bilan ularning qarshisiga chiqqan. (Yuhanno 18:4–8) Shuningdek, Iso duradgor bo‘lgani va qo‘lda ishlatiladigan asboblardan foydalangani uning jismonan kuchli bo‘lganidan dalolat beradi. (Mark 6:3) Unda nega Iso azob ustunini ko‘tarishda yordamga muhtoj bo‘lgan?

 Va nega Iso u bilan birga ustunga mixlangan kishilardan oldin o‘lgan? (Luqo 23:26; Yuhanno 19:31–33) Ustunga mixlanishdan oldin Iso boshdan kechirgan sinovlar ko‘p kuchini olgan. Qisman ruhiy iztiroblar sababli Iso tuni bilan uxlamay chiqqan. (Luqo 22:42–44) Tuni bilan yahudiylar Isoga qo‘pol muomalada bo‘lib, mazax qilishgan. Ertalab esa rimliklar uni qiynashgan. (Matto 26:67, 68; Yuhanno 19:1–3) Bu omillar Isoning o‘limini tezlashtirgan bo‘lishi mumkin.

 Noto‘g‘ri fikr. Iso doim xomush va g‘amgin bo‘lgan.

 Fakt. Iso samoviy Otasining fazilatlarini mukammal darajada aks ettirgan. Zero, Yahova Muqaddas Kitobda «baxtiyor Tangri» deb atalgan. (1 Timo‘tiyga 1:11; Yuhanno 14:9) Shuningdek, Iso boshqalarga qanday qilib baxtga erishish mumkinligini o‘rgatgan. (Matto 5:3–9; Luqo 11:28) Shu sababli, Isoning yuzida doim baxtiyorlik aks etgan, deb ayta olamiz.