Asosiy materiallarga o‘tish

Bosh farishta Mikoil kim?

Bosh farishta Mikoil kim?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Ba’zi dinlarda Mikoilni «avliyo Mikoil» deb atashadi. Bu ism «Xudoga o‘xshash kim bor?» degan ma’noni anglatadi. a (Doniyor 12:1; Vahiy 12:7) Mikoil o‘z ismining ma’nosiga muvofiq tarzda yo‘l tutib, Xudoning boshqaruvini himoyalaydi va Uning dushmanlariga qarshi jang qiladi. Aftidan, bu ism Isoga u yer yuziga kelishidan avval va yer yuzidagi xizmatini tamomlaganidan keyin berilgan. Masalan, Mikoil Musoning o‘limidan keyin Shayton bilan bahslashgan va bir farishtaga Xudoning xabarini Doniyor payg‘ambarga yetkazishga ko‘maklashgan. (Doniyor 10:13, 21; Yahudo 9)

 Nima uchun Isoni bosh farishta deb hisoblash mumkinligini ko‘rib chiqing.

  •   Mikoil — «bosh farishta»dir. (Yahudo 9) Asl matndan «bosh farishta» deb o‘girilgan so‘z Muqaddas Kitobning faqatgina ikkita oyatida uchraydi. Mazkur ikkala vaziyatda ham bu so‘zlar birlikda ishlatilgan bo‘lib, faqat bitta farishta bu unvonga ega ekanini ko‘rsatyapti. Oyatlarning birida tirilgan Hazratimiz Iso «bosh farishtaning ovozi bilan buyruq berib,.. osmondan tushadi» deb aytilgan. (1 Salonikaliklarga 4:16) Iso bosh farishtaning ovozi bilan osmondan tushadi, chunki u bosh farishta Mikoilning o‘zidir.

  •   Mikoil farishtalar qo‘shinini boshqaradi. «Mikoil o‘z farishtalari bilan ajdahoga [Shaytonga] qarshi jang qilgan. (Vahiy 12:7) Mikoil samoda katta hokimiyatga ega, shuning uchun ham u «bosh sarkardalardan biri» va «buyuk sarkarda» deb nomlangan. (Doniyor 10:13, 21; 12:1) Ushbu unvonlar shuni ko‘rsatyaptiki, Mikoil, ilohiyotshunos Deyvid On aytganidek, «farishtalar qo‘shinining bosh qo‘mondonidir».

     Muqaddas Kitobda farishtalar qo‘shini ustidan hokimiyatga ega bo‘lgan yana bir shaxsning ismi haqida eslatib o‘tilgan. U yerda: «Hazrati Iso o‘zining qudratli farishtalari bilan osmondan oshkor bo‘lganda yonayotgan o‘t ichida kelib, o‘ch oladi»,— deb aytilgan. (2 Salonikaliklarga 1:7, 8; Matto 16:27) Iso osmonga ko‘tarilganidan keyin Alloh unga farishtalarni, hokimiyat-u kuchlarni bo‘ysundirgan. (1 Butrus 3:21, 22) Xudo muqaddas farishtalar ustidan Iso va Mikoilni raqobatchi qo‘mondonlar sifatida tayinlashi mantiqqa zid. Aksincha, «Iso bilan Mikoil bitta shaxsga ishora qiladi», deb xulosa chiqarish to‘g‘riroq bo‘lardi.

  •   Misli ko‘rilmagan «musibatli kunlar» paytida Mikoil ko‘tariladi. (Doniyor 12:1) Doniyor kitobida «ko‘tariladi» fe’li ko‘pincha Shoh muayyan ishni ko‘zlab harakatga tushishini tasvirlash uchun ishlatilgan. (Doniyor 11:2–4, 21) «Xudoning Kalomi» bo‘lmish Iso Masih «Shohanshoh» sifatida muayyan choralar ko‘radi, ya’ni Xudoning barcha dushmanlarini yo‘q qiladi va Uning xalqini himoyalaydi. (Vahiy 19:11–16) U buni «dunyo paydo bo‘lganidan beri hali bo‘lmagan buyuk musibat» paytida amalga oshiradi. (Matto 24:21, 42)

a Muqaddas Kitobdagi boshqa qahramonlarning ham bir nechta ismi bo‘lgan. Masalan, Yoqubning ikkinchi ismi Isroil, Butrusniki Simun, Taddeyniki esa Yahudo bo‘lgan. (Ibtido 49:1, 2; Matto 10:2, 3; Mark 3:18; Havoriylar 1:13)