Asosiy materiallarga o‘tish

TASODIFMI YOKI IJOD MAHSULIMI?

Mo‘ylovoyoqlilar oilasiga mansub qisqichbaqaning yelimi

Mo‘ylovoyoqlilar oilasiga mansub qisqichbaqaning yelimi

Zoologlar shuni payqadiki, mo‘ylovoyoqlilar oilasiga mansub qisqichbaqalar qoyalarga, dambalarga va kema korpuslariga yopishish xususiyatiga ega. Aytishlaricha, bu qisqichbaqaning yelimi har qanday sintetik mahsulotdan kuchliroq ekan. Bu qisqichbaqa nam joyga yopishib tura olishi hozirgi kungacha sir edi.

O‘ylab ko‘ring. Tadqiqotchilar shuni aniqlashdiki, qisqichbaqaning erkin suza oladigan lichinkasi yopishishga mos keladigan joyni tanlashdan avval turli sirtlarni tekshirib chiqadi. Izlanishlarga ko‘ra, lichinka mos keladigan joy topgach, o‘zidan ikki xil modda chiqarishi mumkin. Birinchi modda yog‘li va yopishqoq bo‘lib, hatto sirtdagi suvni itarib chiqaradi. Keyin esa lichinka uning yuzasida fosfoprotein deb nomlanuvchi oqsilli ikkinchi moddani ishlab chiqaradi.

Bu ikkita modda birgalikda yelimli qatlamni hosil qiladi va hatto bakteriyalar ham uni buza olmaydi. Yelim mustahkam bo‘lishi muhim, chunki qisqichbaqa butun hayotini unga yopishgan holda o‘tkazadi.

Mo‘ylovoyoqlilar oilasiga mansub qisqichbaqa o‘zidan yelim chiqarayotganining kattalashtirilgan rasmi

Qisqichbaqa yelimini ishlab chiqarish jarayoni tadqiqotchilar o‘ylaganidan ham murakkab bo‘lib chiqdi. Bu jarayonni o‘rganishda ishtirok etgan tadqiqotchilardan biri shunday dedi: «Bu suv ichida narsalarni bir-biriga yopishtirishda ajoyib yechimdir». Tadqiq natijalari izlanish o‘tkazuvchilarga elektron qurilma va tibbiy implantlarni ishlab chiqarishda tabiiy moddalardan qilingan sintetik yelimlardan foydalangan holda yelimlarni yaxshilashda qo‘l kelishi mumkin.

Nima deb o‘ylaysiz? Mo‘ylovoyoqlilar oilasiga mansub qisqichbaqalarning yelimi evolyutsiya natijasida paydo bo‘lganmi? Yoki ijod mahsulimi?