Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Qadimgi muhrlar

Qadimgi muhrlar

 Muhr odatda loy yoki mum kabi materiallarga nusxa tushirish uchun xizmat qilgan matnning (matn va rasmning) qabariq yoki botiq tasviri bo‘lgan bosma shakl (asbob) hisoblanadi. Muhrlar turli shaklda, jumladan, konus, to‘rtburchak, silindr va hatto hayvon kallasi shaklida bo‘lgan. Muhr izi yordamida hujjat egasini aniqlash yoki hujjatning haqiqiyligini tasdiqlash mumkin edi. Shuningdek, u xaltalarni begonalar ochishi yoki muayyan joylarga, masalan, maqbaralarga noqonuniy ravishda kirishi mumkin emasligini ko‘rsatish uchun qo‘llanilardi.

Fors shohi Doro I ov qilayotganini ko‘rsatuvchi silindr shaklidagi muhr va uning loyga tushirilgan tasviri

 Muhrlar turli xomashyolardan, xususan, suyak, ohaktosh, metall, yarim qimmatbaho tosh yoki yog‘ochdan tayyorlanardi. Ba’zida muhrlar ustiga egasining va otasining ismi o‘yib yozilardi. Ayrim muhrlarda egasining unvoni qayd etilardi.

 Biron-bir hujjatning haqiqiyligini tasdiqlash uchun muhrning egasi unga loy, mum yoki boshqa yumshoq modda surtib, hujjat ustiga muhr bosardi. (Ayub 38:14) Keyin modda qotardi va hujjatni qalbakilashtirishdan himoyalardi.

Muhrlar — hokimiyat ramzi

 Muhrlar biror kimsaga berilganida muhr egasining vakolati unga topshirilganini anglatardi. Qadimgi Misr fir’avni Yoqubning o‘g‘li bo‘lmish ibroniy kishi Yusufga hokimiyat berganida aynan shunday yo‘l tutgandi. Gap shundaki, Yusuf Misrda qul bo‘lgandi va bir kuni uni nohaq ayblab, zindonga tashlashgandi. Vaqt o‘tib, fir’avn uni ozod qilgandi va bosh vazir lavozimiga ko‘targandi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Keyin fir’avn barmog‘idan muhr uzugini yechib, uni Yusufning barmog‘iga taqdi». (Ibtido 41:42) Muhr uzugida fir’avnning rasmiy muhri bo‘lgani uchun, Yusuf fir’avnning ishlarini uning nomidan bajarish vakolatiga ega bo‘lgandi.

 Bir safar qadimgi Isroil malikasi Izabel erining muhridan foydalanib, Navo‘t ismli odamni o‘ldirish rejasini amalga oshiradi. U shoh Axabning nomidan Navo‘t yashaydigan shahar oqsoqollariga xatlar yozib, aybsiz Navo‘tni Xudoni la’natlaganlikda ayblashni buyuradi. Izabel xatlar ustiga shohning muhrini bosib, o‘zining yovuz niyatiga erishadi. (3 Shohlar 21:5–14)

 Fors shohi Axashverash ham o‘zining muhr uzugidan foydalanib, farmonlarini tasdiqlardi. (Ester 3:10, 12)

 Alloh Kalomining Naximiyo kitobida ta’kidlanishicha, Isroil beklari, levilar va ruhoniylar yozma ravishda tuzilgan ahdlarga muhr qo‘yib, ular bilan rozi ekanini ko‘rsatishardi. (Naximiyo 1:1; 9:38)

 Muqaddas Kitobda muhr biron-bir joyga kirishni taqiqlash maqsadida ishlatilgani ikkita vaziyatda tilga olingan. Masalan, Doniyor payg‘ambarni sherlar uyasiga tashlashganida «chuqurlikning og‘zini tosh bilan yopishgandi». So‘ngra Fors va Midiya shohi Doro «Doniyorga qarshi chiqarilgan farmon o‘zgartirilmasligi uchun, o‘zining va asilzodalarining muhr uzugi bilan toshni muhrlagandi».(Doniyor 6:17)

 Iso alayhissalomning jasadi qabrga qo‘yilganida, uning dushmanlari qabr og‘zini yopish uchun toshni yumalatib, unga muhr bosishgandi. (Matto 27:66) Bir manbada aytilishicha, Rim hukumatining davlat muhridan foydalanilgan vaziyatda «qabr og‘zi va... tosh orasidagi yoriqqa loy yoki mum surtilardi va ustiga o‘sha muhr bosilardi». («Bible sommentary on Matthew by David L. Turner»)

 Qadimgi muhrlar bizga o‘tmish haqida ko‘p narsani ochib bergani uchun arxeologlar va tarixchilar ularga katta qiziqish bildirmoqda. Hatto muhrlarni o‘rganuvchi «sfragistika» deb nomlangan alohida fan mavjud.