Luqo 4:1-44

  • Iblis Isoni vasvasa qiladi (1-13)

  • Iso Jalilada va’z qila boshlaydi (14, 15)

  • Nosirada Isoni qabul qilishmaydi (16-30)

  • Kafarnahumdagi ibodatxonada (31-37)

  • Simunning qaynanasi va boshqalar shifo topishadi (38-41)

  • Xaloyiq Isoni xilvat joyda topadi (42-44)

4  Iso Iordan atroflarini tark etdi. Xudo unga muqaddas ruh ato etdi va bu ruh uni sahroga boshlab ketdi+.  Iso u yerda 40 kun bo‘lib, Iblis uni vasvasaga soldi+. 40 kun davomida Iso og‘ziga hech narsa olmagani uchun, oxiri och qoldi.  Shunda Iblis unga: «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, mana bu toshlarga buyur, ular nonga aylansin»,— dedi.  Lekin Iso unga shunday javob berdi: «Muqaddas Yozuvlarda: “Odam faqat non bilan yashamaydi”+,— deb aytilgan».  Keyin Iblis uni baland bir tog‘ga olib chiqib, bir lahzada dunyoning barcha shohliklarini ko‘rsatdi-da+,  shunday dedi: «Bu shohliklarning ustidan butun hokimiyatni va ularning hashamatini senga beraman. Zero bu hokimiyat menga berilgan+ va men uni kimga xohlasam, shunga beraman.  Endi menga sajda qilsang, bularning barchasi seniki bo‘ladi».  Iso unga javoban dedi: «Muqaddas Yozuvlarda: “Allohing Yahovaga* sajda qil, birgina Unga muqaddas xizmatni ado et”+,— deyilgan».  So‘ng Iblis uni Quddusga olib kelib, ma’badning* eng yuqori joyiga* chiqardi-da, unga dedi: «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, o‘zingni pastga tashla-chi+. 10  Axir, Muqaddas Yozuvlarda: “U farishtalariga seni himoyalashni amr etadi” 11  va “Oyoqlaring toshga qoqilib ketmasligi uchun, ular seni qo‘llarida ko‘tarib ketadi”+,— deb aytilgan-ku». 12  Iso bo‘lsa unga javoban: «“Tangring Yahovani* sinama”+,— deb yozilgan joyi ham bor»,— dedi. 13  Shu bilan Iblis vasvasaga solishni to‘xtatib, qulay fursatgacha Isodan uzoqlashdi+. 14  Shundan keyin Iso muqaddas ruhga to‘lib, Jalila shahriga qaytdi+. U haqidagi yaxshi gaplar o‘sha joylarga tarqalib ketdi. 15  Iso ularning ibodatxonalarida* ta’lim berardi va hamma uni maqtardi. 16  Keyin Iso o‘sib-ulg‘aygan shahri Nosiraga keldi+. Odatdagidek Shabbat kuni ibodatxonaga kirib+, Muqaddas Yozuvlardan o‘qib berish uchun o‘rnidan turdi. 17  Shunda uning qo‘liga Ishayo payg‘ambarning o‘rama bitigini tutqazishdi. Iso bitikni ochib, quyidagi oyat yozilgan joyni topdi: 18  «Yahova* menga O‘z ruhini berdi, kambag‘allarga xushxabarni e’lon qilish uchun meni moyladi. U meni asirlarga ozod etilishi, ko‘rlarga ko‘zlari ochilishini va’z etib, ezilganlarni ozodlikka chiqarish+ hamda 19  Yahova* uchun maqbul vaqt to‘g‘risida gapirish uchun yubordi»+. 20  Bundan keyin u bitikni o‘rab, uni xizmatchiga berdi-da, joyiga o‘tirdi. Ibodatxonadagi barchaning ko‘zi unga tikildi. 21  Keyin Iso ularga: «Sizlar hozirgina eshitgan bu so‘zlar bugun amalga oshdi»+,— deb aytdi. 22  Shunda hamma uni maqtay boshladi. Uning naqadar yoqimli so‘zlar+ aytganidan hayron qolib: «Bu Yusufning o‘g‘li emasmi?!»+ — deyishardi. 23  Bunga javoban Iso shunday dedi: «Albatta, sizlar menga: “Ey tabib, o‘zingni o‘zing davola”,— degan maqolni qo‘llab: “Kafarnahumda+ qilgan ishlaring haqida eshitdik. Endi ularni bu yerda, o‘z yurtingda ham bajar”,— deysizlar». 24  Iso yana so‘zida davom etib, dedi: «Ishonavering, hech bir payg‘ambar o‘z yurtida qabul qilinmaydi+. 25  Masalan, Ilyos payg‘ambar davrida uch yil-u olti oy davomida yomg‘ir yog‘may, o‘sha yerda qattiq ocharchilik bo‘lganida+, Isroilda ko‘p beva ayollar bor edi. 26  Ammo Ilyos payg‘ambar ularning birortasiga yuborilmadi. Faqat Sidon yurtining Zorafat shahridagi beva ayolga yuborildi+. 27  Shuningdek, Elishay payg‘ambar davrida Isroilda moxovlar ko‘p edi, lekin birontasi pok bo‘lmadi. Faqat suriyalik No‘mon ismli kishi pok bo‘ldi, xolos»+. 28  Bularni eshitgach, ibodatxonada bo‘lgan barcha odamlar g‘azabga minishdi+. 29  Shunda ular o‘rinlaridan turib, shosha-pisha Isoni shahardan tashqariga chiqarib, shaharlari joylashgan tog‘ning tepasiga olib borishdi-da, uni tashlab yubormoqchi bo‘lishdi. 30  Biroq Iso ularni oralab o‘tib, yo‘lida davom etdi+. 31  So‘ngra u Jaliladagi Kafarnahum shahriga kelib, Shabbat kunida odamlarga ta’lim bera boshladi+. 32  Xalq Isoning ta’lim berish tarziga qoyil qolardi+, chunki u vakolati bor insonday gapirardi. 33  Ibodatxonada jinga chalingan bir kishi bor edi. U baland ovozda+: 34  «Ey nosiralik Iso+, bizda nima ishing bor? Sen bizni yo‘q qilgani keldingmi? Sen, Alloh yuborgan muqaddas zot ekaningni bilaman»+,— deya baqirdi. 35  Lekin Iso unga do‘q urib: «Jim bo‘l va undan chiqib ket!» — dedi. Shu zahoti jin hammaning ko‘zi oldida bu kishini yerga yiqitdi-da, unga hech qanday zarar keltirmay, chiqib ketdi. 36  Bundan hamma hayron qolib, bir-biriga shunday deya boshlashdi: «Uning gaplariga quloq soling! U jinlarga vakolat-u qudrat bilan buyuryapti va ular chiqib ketishyapti!» 37  Iso haqidagi xabar butun o‘lka bo‘ylab tarqalib ketdi. 38  Iso ibodatxonadan chiqib, Simunning uyiga keldi. Uning qaynanasi isitmasi baland bo‘lib, qiynalib yotgandi. Isodan unga yordam berishni so‘rashdi+. 39  Iso ayolning yoniga kelib, unga shifo berdi va ayolning isitmasi tushdi. Shu ondayoq ayol o‘rnidan turdi-da, ularga xizmat qila boshladi. 40  Quyosh botayotgan paytda, turli kasalliklarga yo‘liqqan kishilarni Isoning oldiga olib kelishdi va u har birining ustiga qo‘lini qo‘yib, ularni davoladi+. 41  Shu yo‘sin, jinlar ko‘p odamlardan chiqib: «Sen Xudoning O‘g‘lisan»+,— deya baqirishardi. Lekin Iso ularni koyib, gapirishlariga to‘sqinlik qildi+. Sababi ular uning Masih ekanini bilishardi+. 42  Kun yorishgach, Iso o‘sha yerni tark etib, xilvat joyga yo‘l oldi+. Biroq xaloyiq uni izlashga tushdi va Iso bo‘lgan yerga kelib, ularni tashlab ketmaslikni undan iltimos qilishdi. 43  Ammo Iso ularga shunday deb javob berdi: «Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni men boshqa shaharlarda ham va’z qilishim kerak. Axir men shuning uchun yuborilganman»+. 44  Shunday qilib, Iso Yahudiyadagi ibodatxonalarda va’z qilib yurdi.