Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ilovalar

Ilovalar
  1.  Buyuk Bobil nimani anglatadi?

  2.  Masih qachon keldi?

  3.  Qon bilan bog‘liq tibbiy muolajalar

  4.  Turmush o‘rtoqlarning alohida yashashi

  5.  Bayramlar va tadbirlar

  6.  Yuqumli kasalliklar

  7.  Biznes va huquqiy masalalar

 1. Buyuk Bobil nimani anglatadi?

«Buyuk Bobil» barcha soxta dinlarni anglatishini qayerdan bilamiz? (Vahiy 17:5) Quyidagilarni ko‘rib chiqing:

  • U butun dunyoni boshqaryapti. Muqaddas Kitobda aytilganiday, Buyuk Bobil «omma, millatlar» ustida o‘tiribdi. U «podshohlarning ustidan hukmronlik qilyapti». (Vahiy 17:15, 18)

  • U siyosiy kuchlarni yoki tijorat kuchlarini anglatmaydi. U barbod bo‘lganida, «yer yuzi podshohlari» va «savdogarlar» yo‘q bo‘lib ketmaydi. (Vahiy 18:9, 15)

  • U Xudoni yomon otliqqa chiqaryapti. U fohisha deb atalgan, chunki pul yoki iltifotga ega bo‘lish niyatida hukumatlar bilan yaqindan hamkorlik qilyapti. (Vahiy 17:1, 2) Barcha xalqlardagi insonlarni yo‘ldan ozdiryapti. Qolaversa, ko‘plarning o‘limi uchun javobgar. (Vahiy 18:23, 24)

13- darsning 6- paragrafiga o‘tish

 2. Masih qachon keldi?

Muqaddas Kitobda bashorat qilinganiday, Masihning kelguniga qadar 69 hafta o‘tadi. (Doniyor 9:25 ni o‘qing.)

  • 69 hafta qachon boshlandi? Mil. avv. 455-yili boshlandi. O‘shanda, hokim Naximiyo Quddus «qayta tiklanishi va avvalgi holatiga qaytarilishi» uchun u yerga borgan. (Doniyor 9:25; Naximiyo 2:1, 5–8)

  • 69 hafta qancha davom etdi? Muqaddas Kitobdagi ba’zi bashoratlarga ko‘ra, bir kun bir yilni anglatadi. (Sahroda 14:34; Hizqiyo 4:6) Har bir hafta yetti yil demakdir. Mazkur bashoratda 69 hafta 483-yilni tashkil qiladi (69 x 7).

  • 69 hafta qachon tugadi? Mil. avv. 455-yildan boshlab 483-yilni hisoblasa, mil. 29-yilga kelamiz a. Aynan o‘sha yili Iso suvga cho‘mdi va Masih bo‘ldi. (Luqo 3:1, 2, 21, 22)

15- darsning 5- paragrafiga o‘tish

 3. Qon bilan bog‘liq tibbiy muolajalar

Ba’zi tibbiy muolajalarda bemorning qonidan foydalaniladi. Ularning ayrimlari masihiylarga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, ba’zi odamlar o‘z qonini donor sifatida beradi yoki operatsiya paytida qonidan foydalanish maqsadida qoni oldindan jamlab qo‘yiladi. Ammo masihiylar bunday yo‘l tutmaydi. (Qonunlar 15:23)

Lekin ayrim muolajalar to‘g‘ri kelishi mumkin. Bunga tahlil uchun qon topshirish, gemodializ, gemodilyutsiya, reinfuziya yoki sun’iy qon aylanish apparatidan foydalanish kiradi. Har bir masihiy tibbiy muolaja, qon tahlili yoki boshqa tibbiy jarayonlar paytida b o‘z qonidan qanday foydalanishni o‘zi hal qilishi kerak. Har xil shifokorlar bu muolajalarni turlicha o‘tkazishi mumkin. Shu bois, jarrohlik amaliyoti, qon tahlili yoki boshqa tibbiy jarayonlarga rozi bo‘lishdan avval, har bir masihiy uning qoni qay yo‘sin ishlatilishini bilishi lozim. Quyidagi savollarni ko‘rib chiqing:

  • Qonimning muayyan miqdori tanamdan chiqarilsa va hatto uning oqimi qaysidir payt davomida to‘xtatib qo‘yilsa-chi? Vijdonim bu qonni haliyam tanamning bir qismi deb hisoblashimga yo‘l qo‘yyaptimi yoki uni «yerga to‘kishga» undayaptimi? (Qonunlar 12:23, 24)

  • Tibbiy muolaja paytida qonim olinib o‘zgartirilgan holda qayta tanamga quyilsa-chi (yoki sirtiga qo‘llanilsa-chi)? Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonim meni qiynamaydimi yoki bu muolajani qabul qila olamanmi?

39- darsning 3- paragrafiga o‘tish

 4. Turmush o‘rtoqlarning alohida yashashi

Xudoning Kalomida er-xotin alohida yashashi ma’qullanmagan va u yerda aniq qilib aytilganiday, alohida yashash ularga qayta turmush qurish huquqini bermaydi. (1 Korinfliklarga 7:10, 11) Lekin ba’zi masihiylar muayyan vaziyatlarda alohida yashash haqida o‘ylab ko‘radi.

  • Oilani umuman ta’minlamaslik. Er oilasini moddiy tomonlama ta’minlashdan bosh tortsa va oilasi yashash uchun zaruriy narsalarsiz qolsa. (1 Timo‘tiyga 5:8)

  • Jismoniy zo‘ravonlik. Er yoki xotin turmush o‘rtog‘iga zarar yetkazsa va uning sog‘ligi yoki hayoti xavf ostida qolsa. (Galatiyaliklarga 5:19–21)

  • Yahova bilan munosabatlarga mutlaq to‘sqinlik. Er yoki xotin turmush o‘rtog‘ining Yahovaga xizmat qilishini butunlayin cheklab qo‘ysa. (Havoriylar 5:29)

42- darsning 3- paragrafiga o‘tish

 5. Bayramlar va tadbirlar

Masihiylar Yahovaga ma’qul kelmaydigan bayramlarda qatnashmaydi. Boshqalar bayramlarni nishonlaganda muayyan vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin. Bunday paytda har bir masihiy qanday yo‘l tutish borasida Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoniga tayanib qaror chiqarishi kerak. Mana bir nechta misol:

  • Kimdir sizni bayram bilan tabriklasa. Shunchaki: «Rahmat»,— deb aytarsiz. Mabodo u nega bu bayramni nishonlamayotganingizni bilishni istasa, buni tushuntirishingiz mumkin.

  • Yahovaning Shohidi bo‘lmagan turmush o‘rtog‘ingiz bayramda qarindoshlar bilan birga ovqatlanishni aytsa. Agar vijdoningiz borishga yo‘l qo‘ysa, o‘sha o‘tirishdagi soxta din bilan bog‘liq urf-odatlarda qatnashmasligingizni turmush o‘rtog‘ingizga oldindan tushuntirarsiz.

  • Rahbaringiz bayramlik bersa. Uni rad etishingiz kerakmi? Shart emas. Rahbaringiz uni bayram yuzasidan beryaptimi yoki yaxshi ishchi bo‘lganingiz uchun shu yo‘sin minnatdorchilik bildiryaptimi?

  • Kimdir bayramda sizga sovg‘a bersa. U shunday deyishi mumkin: «Bilaman, bayramlarni nishonlamaysiz, lekin bu sovg‘ani chin dildan beryapman». Ehtimol, u shunchaki mehribondir. Boshqa tomondan, shu yo‘sin u imoningizni sinamoqchidir yoki sizni bu bayramda qatnashishga undamoqchidir. Bular haqida o‘ylab ko‘rgach, o‘sha sovg‘ani qabul qilish-qilmaslik borasida qaror chiqararsiz. Darhaqiqat, har bir qarorimizda vijdonimizni pok saqlashni va Yahovaga sodiq qolishni istaymiz. (Havoriylar 23:1)

44- darsning 1- paragrafiga o‘tish

 6. Yuqumli kasalliklar

Odamlarni yaxshi ko‘rganimiz uchun yuqumli kasalliklarni boshqalarga yuqtirishdan ehtiyot bo‘lishni xohlaymiz. Shu bois, o‘zimiz bunday kasallikka chalinganimizni bilsak yoki o‘zimizni yuqumli kasallik tashuvchisi deb bilish uchun sababimiz bo‘lsa, ayniqsa, ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Muqaddas Kitobdagi: «Yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving»,— degan amrga amal qilayotganimiz uchun bunday yo‘l tutamiz. (Rimliklarga 13:8–10)

Yuqumli kasallikka chalingan kishi bu amrga amal qilayotganini qanday namoyon eta oladi? U mehrini ko‘rsatish niyatida quchoqlashib yoki o‘pishib ko‘rishish kabi xatti-harakatlardan qochadi. Agar ba’zilar oila a’zolarini himoya qilish yuzasidan uni uyiga taklif qilmayotgan bo‘lsa, u buni to‘g‘ri qabul qilishi lozim. Shuningdek, suvga cho‘mishdan avval u suvga cho‘madigan boshqalarning manfaati uchun choralar ko‘rilishi maqsadida, oqsoqollar kengashining raisiga kasalligi haqida aytishi kerak. Yuqumli kasallikka chalinganman, deb o‘ylash uchun asosi bo‘lgan kishi uchrashishni boshlashdan avval qonini tahlil qildirsa yaxshi bo‘lardi. Bunday yo‘l tutib, «nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlagan» bo‘lasiz. (Filippiliklarga 2:4)

56- darsning 2- paragrafiga o‘tish

 7. Biznes va huquqiy masalalar

Pul va biznes masalalarida — hatto imondoshlar o‘rtasida — shartnomalar tuzilsa, ko‘p muammolarning oldini olish mumkin. (Yeremiyo 32:9–12) Shunda ham, ba’zida masihiylar orasida pul yoki boshqa masalalar bilan bog‘liq kichik tushunmovchiliklar paydo bo‘lishi hech gap emas. Ular bunday tushunmovchiliklarni zudlik bilan tinchlikda o‘zaro hal qilishi kerak.

Ammo firibgarlik yoki tuhmat kabi jiddiy masalalarni qanday hal qilishimiz kerak? (Matto 18:15–17) Bu borada Iso quyidagi uchta qadamni aytib o‘tgan:

  1. Masalani o‘zaro hal qilishga intiling. (15- oyatga qarang.)

  2. Masala hal bo‘lmasa, ma’nan yetuk bir yoki ikki kishidan siz bilan borishini so‘rang. (16- oyatga qarang.)

  3. Bu ham yordam bermasa, shundagina oqsoqollarga murojaat qilishingiz lozim. (17- oyatga qarang.)

Aksariyat vaziyatlarda imondoshlarimizning ustidan sudga yozmasligimiz kerak, chunki bu Yahova hamda jamoatning obro‘siga dog‘ tushirishi mumkin. (1 Korinfliklarga 6:1–8) Biroq ba’zi vaziyatlarda sudga murojaat qilishga to‘g‘ri kelar. Misol uchun, ajrashish, vasiylik, aliment to‘lash, sug‘urta undirish, bankrot bo‘lish hamda vasiyat bilan bog‘liq masalalar. Bu kabi masalalarni imkon boricha tinch yo‘l bilan hal qilish uchun sudga murojaat qilgan masihiy Muqaddas Kitob prinsipini buzmaydi.

Agar jiddiy jinoyat — zo‘rlash, bolaning nomusiga tegish, tajovuz qilish, katta o‘g‘rilik yoki qotillik sodir etilgani haqida gap ketsa va masihiy bu haqda davlat organlariga xabar bersa, Muqaddas Kitob prinsipini buzmaydi.

56- darsning 3- paragrafiga o‘tish

a Mil. avv. 455-yildan mil. avv. 1-yilgacha 454-yil bo‘ladi. Mil. avv. 1-yildan mil. 1-yilgacha bir yil bo‘ladi (nolinchi yil bo‘lmagan). Mil. 1-yildan mil. 29-yilgacha 28-yil bo‘ladi. 454 ga 1 ni, so‘ng esa 28 ni qo‘shsak, 483-yil chiqyapti.

b Bu haqda ko‘proq bilish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2000-yil 15-oktabr (rus) sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.