Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

STRESSDAN OZOD BO‘LISH

Stressni qanday qilib yengsa bo‘ladi?

Stressni qanday qilib yengsa bo‘ladi?

Stressni muvaffaqiyat ila yengishni istasangiz, jismoniy sog‘ligingiz, boshqalar bilan muloqot qilish tarzingiz, maqsadlaringiz hamda hayotingizdagi ustuvor narsalar, ya’ni siz chinakamiga muhim deb bilgan narsalar ustida mulohaza yuritishingiz kerak. Mazkur maqolada ba’zi amaliy prinsiplar ko‘rib chiqiladi. Ular stressga qarshi samarali kurashishingizga, hatto uni kamaytirishingizga yordam beradi.

Bugungi kun bilan yashang

«Zinhor ertangi kun uchun tashvishlanmanglar, chunki ertangi kunning o‘z tashvishlari bo‘ladi». (MATTO 6:34)

Buning ma’nosi. Kundalik tashvishlar hayotimizning ajralmas qismidir. Ammo bugungi kunning tashvishlariga ertangi kunning tashvishlarini qo‘shib, ularni ko‘paytirmang. Undan ko‘ra bugungi kun bilan yashashga harakat qiling.

  • Stress xavotirga sabab bo‘ladi. Shunday yo‘l tutishga urinib ko‘ring: birinchidan, ba’zida stressdan qochib qutulishning iloji bo‘lmasligini tan oling. Tashvishlanganingiz bilan stress kuchayishining oldini ololmaysiz. Ikkinchidan, biz qo‘rqayotgan narsalar hech qachon sodir bo‘lmasligi mumkinligini tushunishingiz kerak.

Oqilona talablar qo‘ying

«Yuqoridan tushgan donolik... mulohazali». (YOQUB 3:17)

Buning ma’nosi. O‘ta talabchan bo‘lmang. O‘zingizdan va boshqalardan ko‘p narsani kutmasdan muvozanatli nuqtai nazarni saqlang.

  • Kamtarin bo‘lib, oqilona me’yorlar qo‘ying. O‘zingiz hamda boshqalarning imkoniyat chegarasini e’tiborga oling. Shunday yo‘l tutsangiz, o‘zingiz ham, boshqalar ham kamroq stress his qiladi. Qolaversa, o‘zingiz va boshqalarga yaxshi natijaga erishish osonroq kechadi. Boz ustiga hazillashib turing. Mabodo hammasi silliq ko‘chmasa, tabassum qilib vaziyatni yumshatasiz hamda kayfiyatingizni ko‘tarasiz.

Stressning sababini bilib oling

«Aql-idrokli inson xotirjamlikni saqlaydi». (HIKMATLAR 17:27)

Buning ma’nosi. Salbiy his-tuyg‘ular ravshan fikrlashga xalaqit beradi. Shunday ekan, xotirjamlikni saqlang.

  • Nima sizni stressga tushirayotganini aniqlang va bunga qanday munosabat bildirayotganingizga e’tibor bering. Masalan, stress his qilayotganingizda fikrlaringiz, tuyg‘ularingiz hamda xatti-harakatingizga diqqat qiling, ehtimol, ularni yozib olarsiz. Stressga qanday reaksiya qilayotganingizni bilsangiz, uni muvaffaqiyat bilan yengish ehtimoli ko‘payadi. Shuningdek, sizni stressga tushiradigan narsalardan qutulish yo‘lini o‘ylang. Agar buning iloji bo‘lmasa, stressning ta’sirini kamaytirish yo‘llarini izlang. Ehtimol, sizga ishingiz hamda vaqtingizni samarali taqsimlash yordam berar.

  • Vaziyatga boshqacha nuqtai nazar bilan qarashga urinib ko‘ring. Sizni stressga tushirayotgan narsa boshqalar uchun muammo bo‘lmasligi mumkin. Buning sababi dunyo qarash turlicha bo‘lganidadir. Quyidagi uchta maslahatni ko‘rib chiqing:

    1. Boshqalar haqida yomon fikrga borishga shoshilmang. Ehtimol, navbatda turganingizda kimdir sizdan oldinga o‘tib olishi mumkin. Agar uning bunday harakatini qo‘pollik deb hisoblasangiz, kayfiyatingiz tushib ketadi. Balki uning niyati yaxshi bo‘lgandir va bu shunday bo‘lib chiqishi ham mumkin.

    2. Vaziyatning ijobiy tomonlarini ko‘rishga harakat qiling. Masalan, shifokor qabulini yoki aeroportda uzoq kutishingizga to‘g‘ri kelsa, ulgurmagan ishingizni bitirishga yoki elektron pochtangizni tekshirishga vaqtingizni sarflasangiz kutish osonroq bo‘ladi.

    3. Vaziyatga atroflicha qarashga harakat qiling. O‘zingizdan: «Bu masala ertaga yoki keyingi haftagacha katta muammoga aylanadimi?» — deb so‘rang. Jiddiy va uncha jiddiy bo‘lmagan masalalarni farqlang.

Tartibli bo‘ling

«Hamma narsa odob va tartib bilan bo‘lsin». (1 KORINFLIKLARGA 14:40)

Buning ma’nosi. Kundalik ishlar jadvaliga amal qilishga intiling.

  • Hayotimizda muayyan tartib bo‘lishini yaxshi ko‘ramiz. Ishlarni orqaga surish tartibsizlik va stressga sabab bo‘ladi. Buning dastidan oxiriga yetmagan ishlar ro‘yxati uzayadi. Mana bu ikkita maslahatni qo‘llab ko‘ring:

    1. Amaliy jadval tuzib, unga amal qiling.

    2. Ishni orqaga surishga sababchi bo‘layotgan har qanday noto‘g‘ri nuqtai nazarni aniqlab tuzating.

Muvozanatli hayot tarzini olib boring

«Ikki hovuch zahmat va shamol ortidan quvishdan ko‘ra, bir hovuch orom yaxshiroqdir». (VOIZ 4:6)

Buning ma’nosi. Ishga mukkasidan ketgan insonlar «ikki hovuch zahmat» ortidan erishilgan foydadan o‘zini mahrum qilishadi. Bunday odamlar mehnatining rohatini ko‘rishga na vaqti, na kuchi qoladi.

  • Ishga va pulga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘ling. Puldor bo‘lish ko‘proq baxt, kamroq stress keltirishini anglatmaydi. Hayotda buning aksini kuzatsa bo‘ladi. Zero, Voiz 5:12 da: «Badavlatning davlati unga uyqu bermaydi»,— deb aytilgan. Shunday ekan, qo‘lingizda boridan ortiq pul sarflamang.

  • Dam olishga vaqt ajrating. Yaxshi ko‘rgan ishingiz bilan mashg‘ul bo‘lsangiz, stressni kamaytirasiz. Ammo kam harakatli hordiq chiqarish, masalan, televizor tomosha qilish yordam bermaydi.

  • Texnik vositalardan o‘z o‘rnida foydalaning. Elektron pochta, SMS yoki axborot saytlarini tez-tez tekshirib turishdan qoching. Zarurat bo‘lmasa, ishga aloqador elektron xatlarni ishdan tashqari vaqtda tekshirmang.

Sog‘ligingizga g‘amxo‘rlik qiling

«Jismoniy mashq... foyda keltiradi». (1 TIMO‘TIYGA 4:8)

Buning ma’nosi. Muntazam jismoniy mashqlar sog‘lom bo‘lishga yordam beradi.

  • Sog‘lom va foydali odatlarni rivojlantiring. Jismoniy mashg‘ulotlar kayfiyatingizni ko‘taradi va organizmingizning stressga chidamliligini oshiradi. Foydali va to‘yimli ovqatlar yeng, o‘z vaqtida ovqatlanishga harakat qiling. Yetarlicha dam oling.

  • Stressni yengish maqsadida chekish, ichkilik va dori-darmonlarni suiiste’mol qilish hamda giyohvand moddalarni qabul qilish kabi zararli «yechimlardan» qoching. Boz ustiga bu odatlar nafaqat stressni oshiradi, balki sog‘ligingizni va peshona teri bilan topgan pulingizni o‘g‘irlaydi.

  • Stress kuchayib borayotgan bo‘lsa, shifokorga ko‘rining. Shifokordan yordam so‘rashning uyaladigan joyi yo‘q.

Ustuvor narsalarni aniqlang

«Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlang». (FILIPPILIKLARGA 1:10)

Buning ma’nosi. Hayotingizda nima muhim ekanini sinchkovlik bilan ko‘rib chiqing.

  • Ishlarni muhimligi bo‘yicha yozib chiqing. Bu diqqatingizni muhimroq ishlarga qaratishga hamda qaysi ishni keyinga qoldirish, boshqa kishiga topshirish yoki umuman voz kechish kerakligini aniqlashga yordam beradi.

  • Bir hafta davomida vaqtingizni nimaga sarflayotganingizni yozib boring. So‘ng vaqtingizdan yanada unumli foydalanish yo‘llarini izlang. Vaqtingizni yaxshi nazorat qilganingiz sayin, bosim kamayib borayotganini his qilasiz.

  • Dam olishni ham rejalashtiring. Hatto qisqa tanaffuslar kuchingizni yangilab, stressni kamaytiradi.

Yordam so‘rang

«G‘am-tashvish odamning qalbini ezadi, yaxshi so‘z esa ko‘nglini ko‘taradi». (HIKMATLAR 12:25)

Buning ma’nosi. Boshqalar sizga mehr ko‘rsatsa va hamdardlik bildirsa, ko‘nglingiz ko‘tariladi.

  • Dardingizni sizni tushunadigan inson bilan bo‘lishing. Sirdosh do‘stingiz vaziyatingizga boshqacha qarashga va hatto siz ko‘rmayotgan yechimni topishga ko‘maklashadi. Shuningdek, ichingizni bo‘shatib olsangiz o‘zingizni yengil his qilasiz.

  • Yordam so‘rang. Ehtimol, bironta ishni boshqa kishiga topshirarsiz yoki vazifalaringizni bo‘lisharsiz.

  • Mabodo ishxonada kimdir bilan hamkorlik qilish siz uchun stress bo‘lsa, vaziyatni yaxshilash yo‘llarini izlang. Masalan, xushmuomalalik ila uning muayyan so‘zlari yoki xatti-harakati tufayli sizda qanday his-tuyg‘ular paydo bo‘layotganini unga aytarsiz. (Hikmatlar 17:27) Agar bu ish bermasa, ehtimol, u bilan kamroq vaqt o‘tkazarsiz.

Ma’naviy ehtiyojlaringizni qondiring

«Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir». (MATTO 5:3)

Buning ma’nosi. Inson bo‘lganimiz uchun biz nafaqat oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda boshpanaga, balki ma’naviy ehtiyojlarimizni qondirishga muhtojlik his qilamiz. Baxtli bo‘lish uchun shunday ehtiyoj borligini tan olishimiz hamda uni qondirishimiz muhim.

  • Bunda ibodat katta yordam bo‘la oladi. Xudo «barcha g‘am-tashvishlaringizni Unga tashlashga» undamoqda, chunki U sizga g‘amxo‘rlik qiladi. (1 Butrus 5:7) Ibodat qilish hamda ijobiy narsalar haqida mulohaza yuritish ichki xotirjamlikni his qilishga ko‘maklashadi. (Filippiliklarga 4:6, 7)

  • Sizni Xudoga yaqinlashtiradigan narsalarni o‘qing. Mazkur jurnalda keltirilayotgan prinsiplar Muqaddas Kitobdan olingan. Bu kitob bizning ma’naviy ehtiyojlarimizni qondirish uchun yozilgan. Undagi ilohiy prinsiplar «donolig-u tafakkurni» rivojlantirishga yordam beradi. (Hikmatlar 3:21) Balki, Muqaddas Kitobni o‘qishni maqsad qilarsiz. Ehtimol, Hikmatlar kitobidan o‘qishni boshlarsiz.