Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Qasam ichish borasida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

▪ Qasam «ko‘p hollarda Xudoni shohid sifatida tilga olib jiddiy va’dani bajarishga so‘z berishni» anglatadi. Qasamni og‘zaki yoki yozma tarzda berish mumkin.

Ba’zilar Iso quyidagilarni aytgani uchun qasam ichish noto‘g‘ri, deb o‘ylaydi. Iso: «Umuman qasam ichmang. [...] “Ha” deganingiz “ha” bo‘lsin, “yo‘q” deganingiz “yo‘q” bo‘lsin. Bundan ortig‘i esa Shaytondandir»,— degan. (Mat. 5:33–37) Albatta, Iso Musoning Qonuniga ko‘ra, isroilliklar ba’zi vaziyatlarda qasam ichishi kerakligini va Xudoning sodiq xizmatchilari va’da berganini bilgan. (Ibt. 14:22, 23; Chiq. 22:10, 11) U shuningdek, Yahova ham qasam ichganini bilgan. (Ibron. 6:13–17) Shuning uchun, Iso biz hech qachon qasam ichmasligimizni nazarda tutmagan. Aksincha, u bo‘lar-bo‘lmasga qasam ichishdan bizni ogohlantirgan. So‘zimizda turishni muqaddas burch deb bilishimiz kerak. Va’damizni bajarishimiz lozim.

Kimdir sizdan qasam ichishni so‘rasa-chi? Avvalo, ichmoqchi bo‘lgan qasamingizni bajara olishingizga amin bo‘ling. Agar bunga amin bo‘lmasangiz, qasam ichmaganingiz yaxshiroq bo‘ladi. Xudoning Kalomida shunday ogohlantirish yozilgan: «Va’da berib, bajarmagandan ko‘ra, umuman va’da bermaganing yaxshi». (Voiz 5:5) So‘ng qasam ichishga oid Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni ko‘rib chiqib, tarbiyalangan vijdoningiz asosida yo‘l tuting. Ushbu prinsiplardan ba’zilari qanday?

Ba’zi qasamlar Xudoning irodasiga mos keladi. Masalan, Yahovaning Shohidlari oila qurishganida qasam ichadi. Kelin-kuyov Xudo va guvohlar oldida bir-biri bilan ahdlashadi. Ular turmush qurishganida bir-birini sevishga, g‘amxo‘rlik qilishga va hurmat qilishga so‘z berib, buni Xudo birlashtirgan «nikohda bir umr qilishga» qasam ichadi. (Boshqa juftliklar xuddi shunday so‘zlarni aytishmasa-da, baribir Xudo oldida qasam ichgan bo‘ladi). Keyin ular er-u xotin deb e’lon qilinadi va ularning nikohi umrbod bo‘lishi kutiladi. (Ibt. 2:24; 1 Kor. 7:39) Nikoh ahdi to‘g‘ri, o‘rinli va Xudoning irodasiga mos keladi.

Ba’zi qasamlar Xudoning irodasiga mos kelmaydi. Xudoning haqiqiy xizmatchilari qurolni qo‘lga olib, vatanini himoyalash yoki imonidan voz kechish qasamini ichmaydi. Bunday qilish Xudoning amrlariga zid. Masihiylar bu «dunyoga tegishli» bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun, turli mojarolar va bahs-munozaralarda qatnashmaymiz. (Yuhan. 15:19; Ishayo 2:4; Yoqb. 1:27)

Ba’zi qasamlarni ichish vijdon masalasi. Ayrim paytlarda qasam ichishdan oldin Isoning: «Podshohning haqini podshohga, Allohning haqini Allohga beringlar»,— degan maslahati ustida mulohaza yuritishimiz kerak. (Luqo 20:25)

Deylik, masihiy fuqarolik yoki pasport olish uchun ariza topshirdi va u davlatga sodiqlik haqidagi qasamyodni ichishi kerakligini bilib oldi. Agar bunday qasam Xudoning qonuniga zid bo‘lsa, uning Muqaddas Kitob bo‘yicha tarbiyalangan vijdoni bunday qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq hukumat, uning vijdonini inobatga olgan holda qasamyod matniga o‘zgarish kiritishga ruxsat berishi mumkin.

Matni o‘zgartirilgan qasamyodni ichish Rimliklarga 13:1 dagi so‘zlarga muvofiq bo‘lishi mumkin. U yerda: «Har bir inson hukmron hokimiyatga bo‘ysunsin»,— deb yozilgan. Shunday ekan, masihiy Xudo talab qilayotgan ishni bajarishga qasam ichish noto‘g‘ri emas, degan xulosaga kelishi mumkin.

Kimdir biror narsadan foydalanib yoki imo-ishora qilib qasam ichishingizni so‘rasa, Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoningizga quloq soling. Qadimgi rimliklar va skiflar rost gapirayotganini tasdiqlash uchun qilich bilan qasam ichardi. Bu ular jang xudosining ramzidan foydalanayotganini bildirardi. Yunonlar esa qo‘lini osmonga ko‘tarib qasam ichardi. Shu yo‘sin, ular so‘zlar-u ishlarni nazorat qiladigan ilohiy kuch borligini va odamlar uning oldida javobgar ekanini tan olardi.

Albatta, Yahovaning xizmatchisi bayroq yoki soxta topinish bilan bog‘liq har qanday narsalarni o‘pib yo sajda qilib qasam ichmaydi. Lekin sudda qo‘lingizni Muqaddas Kitobga qo‘yib, faqat rostini aytib qasam ichishingizni so‘rashsa-chi? Bunday qilishga qaror qilarsiz. Chunki Muqaddas Yozuvlarda ham Xudoning sodiq xizmatchilari imo-ishora bilan qasam ichgani aytilgan. (Ibt. 24:2, 3, 9; 47:29–31) Ammo shuni yodda tuting, bunday qasam ichsangiz, Xudoning oldida faqat rost javob beraman, deb qasam ichgan bo‘lasiz. Shuningdek, sizga beriladigan har qanday savolga rost javob berishga tayyor bo‘lishingiz kerak.

Yahova bilan munosabatlarimizni qadrlayotganimiz uchun har qanday qasamni ichishdan avval ibodat qilishimiz va yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Shuningdek, bu vijdonimizga yoki Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga zid bo‘lmasligi lozim. Qasam ichishga qaror qilsangiz, uni bajarish kerakligini unutmang. (1 Butr. 2:12)