Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Hayotning achchiq haqiqati

Hayotning achchiq haqiqati

TASAVVUR QILING, siz o‘zingizga yoqadigan mashhur musiqachi haqida film tomosha qilyapsiz. Film boshida uning bolaligi, musiqadan dars olayotgani va tinimsiz mashq qilayotgani ko‘rsatiladi. Keyin esa u konsertlar berayotganini, dunyo bo‘ylab sayohat qilib, jahon yulduziga aylanganini ko‘rasiz. Shu tariqa uning oltin yillari namoyish etiladi va film oxirida u hayotdan ko‘z yumadi.

Bu film qachonlardir yashagan insonning hayotidagi voqealarga asoslangan va to‘qib chiqarilmagan. Filmning bosh qahramoni musiqachi, olim, sportchi yoki boshqa mashhur odam bo‘lishidan qat’i nazar, hikoya bir xil yakun topadi. Bu inson ko‘plab yaxshi ishlar qilgan. Ammo bir o‘ylab ko‘ring, u qarib o‘lmaganida yana qancha ishlarni amalga oshira olardi?!

Afsuski, bu barchamizning boshimizda bor. (Voiz 9:5) Qancha harakat qilmaylik, qarilik va o‘limdan qochib qutula olmaymiz. Bundan tashqari, baxtsiz hodisa yoki bedavo kasallik tufayli bevaqt olamdan o‘tishimiz hech gap emas. Muqaddas Kitobda aytilganiday, biz «qisqa vaqt ko‘rinib, keyin yo‘qolib ketadigan bug‘» kabimiz. (Yoqub 4:14)

Ba’zilarga hayot o‘zgaruvchan va mazmunsiz tuyulgani tufayli, ular «kelinglar, yeb-ichaylik, baribir ertaga o‘lib ketamiz» degan shior ostida hayot kechirishadi. (1 Korinfliklarga 15:32) Ular kutilmaganda o‘lishi mumkinligini bilgani va kelajakka hech qanday umidi bo‘lmagani uchun shunday yashashadi. Ertami-kechmi, ayniqsa, boshingizga musibat tushganida xayolingizga «Hayotning bori shumi?» degan savol kelishi mumkin. Bu savolning javobini qayerdan topsangiz bo‘ladi?

Ko‘plar bu savolning javobini olimlar topishiga umid qilishadi. Ilm-fan va tibbiyot sohasida erishilgan yutuqlar hayotimizni muayyan darajada uzaytirdi. Ayrim olimlar hayotimizni hozirgidan ham uzaytirish ustida ishlayapti. Buning natijasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, quyidagi savollar ochiq qolyapti: Biz nega qariymiz va o‘lamiz? Dushmanimiz bo‘lmish o‘limni yengishga umid bormi? Keyingi maqolalar shu mavzularga bag‘ishlanadi va «Hayotning bori shumi?» degan savolga javob topishga yordam beradi.